Yaqin Sharqning bir qancha mamlakatlari AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlaridan so‘ng o‘z havo maydonlarini vaqtincha yopdi yoki chekladi.
Hozirda Bahrayn, Suriya, BAA va Qatarda cheklovlar joriy etilgan.
Bahraynda havo maydoni Toshkent vaqti bilan soat 14:30 gacha, shu jumladan mamlakat orqali tranzit reyslar ham yopiq.
Suriya Arab Respublikasi Fuqaro aviasiyasi bosh boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, mamlakat janubidagi havo yo‘laklarini Toshkent vaqti bilan soat 13:00 dan boshlab 12 soatga cheklab qo‘ydi va reyslarni muqobil yo‘nalishlar orqali qayta yo‘naltirdi.
BAA va Qatarda ham parvozlar to‘xtatildi: vertolyotlar Qatarda havo maydonini patrul qilmoqda, BAA esa "misli ko‘rilmagan ehtiyot choralarini" ko‘rdi.
Eron, Iroq va Isroil ilgari havo maydonining yopilishi yoki cheklovlari haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, Bahrayn, Quvayt va BAAda portlashlar va hodisalar qayd etilgan.
Mintaqadagi vaziyat tarangligicha qolmoqda, aviakompaniyalar yo‘lovchilarni kechikishlar va yo‘nalish o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.