Ukraina bosqini boshlanganidan beri rossiyalik 20 dan ortiq general halok bo‘ldi, deb yozdi Nikkei gazetasi Yaponiya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib. Bu hisob-kitoblar yaponlar tomonidan AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda to‘plangan ma’lumotlarga asoslanadi.
Yaponiya quruqlikdagi mudofaa kuchlarining sobiq bosh shtab boshlig‘i, iste’fodagi general Kiyofumi Ivata bu raqamlarni «aql bovar qilmas darajada yuqori» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, masalan, AQSh armiyasida bunday yuqori martabali ofiserlar deyarli halok bo‘lmaydi.
Ivata o‘ldirilgan generallar sonining g‘ayrioddiy ko‘pligini Ukraina armiyasi texnologiya jihatidan Rossiya armiyasidan sezilarli darajada ustun ekani va yuqori martabali ofiserlar manzilini muvaffaqiyatli aniqlashi bilan izohladi. Shuningdek, generallarning o‘limiga ularni jang maydoniga yuborish amaliyoti ham sabab bo‘lgan.
2022 yil avgust oyida Britaniya razvedkasi Ukrainadagi janglarda kamida 10 nafar rossiyalik general halok bo‘lganini xabar qilgan edi.
Fevral oyi boshida The New York Times gazetasi G‘arb rasmiylarining hisob-kitoblariga tayanib, Rossiya armiyasida jami 200 ming kishi halok bo‘lgan va yarador bo‘lganini xabar qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya rasmiylari Ukrainadagi urushda halok bo‘lganlar va jarohat olganlar soni haqida ma’lumot bermay kelmoqda.