Yaponiyaliklarning noroziligiga sabab — Osiyo futbol konfederasiyasida Saudiya Arabistoni va Qatarning ta’siri ortib borayotganidir. Klublar adolatsiz hakamlik qarorlari, noqulay taqvimlar va shubhali musobaqa formatlari haqida faol shikoyat qilmoqda. Yaponiyada hatto yangi «Sharqiy Osiyo federasiyasi» tashkil etish masalasi muhokama qilinmoqda, unga mintaqaga mansub boshqa norozi mamlakatlar ham qo‘shilishi mumkin.
Norozilikka sabab bo‘lgan holatlardan biri Osiyo Chempionlar Ligasida yuz berdi. Xitoyning «Shandun Tayshan» klubi musobaqadan chiqib ketdi va OFK uning natijalarini bekor qildi. Bu esa yaponiyalik «Vissel Kobe»ni uch ochkodan mahrum etdi. Natijada klub kuchliroq raqibga to‘g‘ri keldi, javob uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazish imkoniyatini yo‘qotdi va musobaqadan chiqib ketdi. Shu bilan birga, keyingi bosqich o‘yinlari Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan.
Qo‘shimcha norozilikka 2026 yilgi Jahon chempionatiga saralashning mini-turniri sabab bo‘ldi. Saudiya va Qatar barcha o‘yinlarini uyda o‘tkazdi va har bir bahs orasida deyarli bir hafta dam olish imkoniga ega bo‘ldi, ularning raqiblari esa bir necha kun orasida maydonga tushishdi. Natijada har ikki davlat ham faqat bittadan g‘alaba bilan Jahon chempionatiga chiqdi — bu esa federasiyaga bo‘lgan tanqidni yanada kuchaytirdi.