Yaponiya hukumatining yordami Sigeru Isiba 2024 yil 1 oktyabrda bosh vazir lavozimini egallaganidan beri eng past darajaga yetdi.
Kyodo agentligi xabar berishicha, so‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning atigi 27,6 foizi hukumat ishini ma’qullaydi. Fevral oyida bu ko‘rsatkich 39,6 foizni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, hukumat faoliyatini salbiy baholagan fuqarolar soni mart oyida 16 foiz punktga oshib, 57,8 foizga yetdi.
Avvalroq hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) yetakchisi Isiba LDP deputatlariga taxminan 670 dollarlik sovg‘a sertifikatlarini topshirgani xabar qilingandi. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 71,6 foizi bu amaliyotga qarshi chiqqan.
Isiba idorasi xatti-harakatlar qonuniy ekanini aytgan bo‘lsa-da, ular jamiyatda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. So‘rovda qatnashganlarning 78,5 foizi LDP hukumatining siyosiy moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish qobiliyatiga shubha bildirdi.
2023 yilda partiya bilan bog‘liq korrupsiya mojarolari ortidan LDP reytingi keskin tushib ketdi. Keyinchalik Ishiba muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.
2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng LDP va Komeito partiyasining hukmron koalisiyasi parlament quyi palatasida ko‘pchilikni yo‘qotdi. Natijada Isiba ozchilik hukumatini tuzdi.