30 va 31 iyul kunlari O‘zbekistonda salqin ob-havo sharoiti saqlanib qoladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat bugun Farg‘ona vodiysida kunning birinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo haroratining kunduz kuni +32…+37 darajani tashkil etadi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘li hududlarida va vodiyning Qirg‘iziston bilan yondosh hududlarida kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga, 30−31 iyulda Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.
1 avgustda respublikani salqin havo massalari asta-sekin tark eta boshlaydi. Uning o‘rnini Erondan kirib keladigan issiq va quruq ob-havo massalari egallaydi. Kunduz kuni havo haroratining +35…+40 darajagacha isishi kutilmoqda.
Respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.