Toshkent shahrida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi doirasidagi tezkor tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Oylikning ilk kunidayoq Toshkent shahar IIBB va Yakkasaroy tumani IIO FMB tezkor-qidiruv xizmatlar xodimlari tomonidan Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida 1973 yilda tug‘ilgan, N.Doniyor o‘zini shubhali tutganligi sababli to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirildi. Shaxsiy tintuv jarayonida uning yonidan 5 gr o‘tkir hidli jigarrang saqichsimon modda topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Surishtiruvlar davomida u yashab kelayotgan uyning yo‘lak qismiga 79 dona qora sellofan paketga o‘ralgan jigarrang o‘tkir hidli moddalar va jigarrang quritilgan o‘tsimon modda aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlangan ashyoviy dalillar yuzasidan “Sudga oid kimyoviy ekspertiza” tayinlanib, hujjatlar tergov bo‘limiga taqdim etildi, gumon qilinuvchi prosessual tartibda ushlandi.
Giyohvandlik vositalarining inson salomatligi, uning ruhiyatiga salbiy ta’siri, alaloqibat jinoyat va zalolat botqog‘iga yetaklab, fojia bilan yakun topishi barchaga ayon. Jinoyatchilar mo‘may pul topish maqsadida, giyohvandlik domiga ko‘proq insonlarni tortish, turli yo‘llar bilan – katta, oson pul topish kabi va’dalarga ishontirib, o‘z g‘araz niyatlarini amalga oshirish ishtiyoqida na kattalarni, na kichiklarni ayashmaydi.
Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida tezkor tadbirlar qat’iy va murosasiz davom ettiriladi.