Geosiyosiy ishonchsizlik va raqobat yadroviy xavfni sovuq urushdan beri kuzatilmagan darajaga oshirdi. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 26 sentyabrda nishonlanadigan Xalqaro yadro qurolini butunlay yo‘q qilish kuni munosabati bilan qilgan nutqida aytib o‘tdi.
BMT rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yadro qurolidan foydalanish, tarqatish va sinovdan o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha o‘nlab yillar davomida katta qiyinchilik bilan erishilgan yutuqlar endi orqaga qaytmoqda.
“Ushbu muhim kunda biz yadro qurolidan xoli dunyoga va ulardan foydalanishga olib keladigan gumanitar falokatning oldini olishga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deydi Bosh kotib.
Guterrishning fikricha, yadro quroliga ega davlatlar qurolsizlanish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarib, hech qachon hech qanday sharoitda yadro qurolidan foydalanmaslik majburiyatini olib, namuna ko‘rsatishi kerak.
“Bu yadroviy qurolsizlanish va tarqatmaslik rejimini, jumladan, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma va Yadro qurolini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma doirasida mustahkamlashni ham anglatadi”, deydi BMT Bosh kotibi.
U Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani hali ratifikasiya qilmagan barcha davlatlarni buni zudlik bilan amalga oshirishga, yadroviy qurolga ega davlatlarni esa barcha yadroviy sinovlarga moratoriyni ta’minlashga chaqirdi.
“Yadroviy xavfni bartaraf etishning yagona yo‘li – yadroviy qurolni yo‘q qilishdir. Keling, bu halokat vositalari faqat tarix kitoblarida o‘z o‘rnini egallashi uchun birgalikda harakat qilaylik”, deydi Guterrish.