Bugun 3 may, 2025 yil, shanba

КИР

XTV: maktab rahbariyati yillar davomida pul yig‘ishga majbur bo‘lgan

XTV: maktab rahbariyati yillar davomida pul yig‘ishga majbur bo‘lgan

O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi Toshkent viloyati Olmaliq shahri maktablari misolida har bir maktabga davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra o‘tgan yili maktablarni ta’mirlash uchun 2 mln.dan 11 mln. so‘mgacha mablag‘ ajratilgan.

"Minbar.uz"ning yozishicha, bu mablag‘lar maktablarni to‘liq va sifatli ta’mirlashga yetarli emas. Shu tufayli maktab rahbariyati yillar davomida pul yig‘ishga majbur bo‘lgan”, – deyiladi vazirlik axborot xizmati ma’lumotida.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, umumta’lim muassasalari byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi kerak. Ya’ni har bir maktab har yili tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida mablag‘ oladi. Olinadigan mablag‘ ikki qismga ajratiladi:

  • Maktab xodimlarining oylik maoshi va u bilan bog‘liq to‘lovlar uchun.
  • Boshqa xarajatlar – kommunal hamda aloqa (telefon, internet) to‘lovlari, maktabni joriy ta’mirlash uchun, qog‘oz, kanselyariya va xo‘jalik mollari, kompyuterlar, kitoblar xaridi uchun.

Ta’mirlash uchun ana shu ikkinchi qismga kiruvchi mablag‘larning bir qismi “tovar-moddiy zaxiralar” bandidagi mablag‘lardan olinadi.

Olmaliq shahrida joylashgan maktablarni ta’mirlash uchun 765 mln. so‘m ajratilgan, shundan 320 mln. so‘mi “Obod qishloq, obod mahalla” dasturiga sarflangan. Qolgan 445 mln. so‘mning hammasi ilojsizlikdan faqat bitta maktabga ajratilgan. Bu tomidan tomchi tomadigan, isitish tizimi umuman ishlamaydigan qolgan 15 maktab ta’mirlash uchun mablag‘siz qolgan degani.

Bu nima uchun muhim: OAVda umumta’lim muassasalari ta’miriga yetarli mablag‘ ajratilishi, shunga qaramay ota-onalardan maktabga yordam berish uchun pul yig‘ilishi haqida turli noroziliklar bildiriladi. Qog‘ozda maktablar to‘liq ta’minlanishi aytilgan bo‘lsa-da, amalda ajratiladigan pul maktab binosini har yili soz saqlab turish uchun yetarli emas. Vazirlik ayrim maktablarga umuman mablag‘ ajratilmaganini ham qistirib o‘tgan. Bu o‘sha maktabda quvur yorilgan bo‘lsa yoki oynasi singan bo‘lsa, pul yig‘masdan muammoni hal qilib bo‘lmaydi degani.

Muammoni hal qilish uchun nima qilinmoqda:

  • Maktablarda “vaucher” tizimini (bola boshiga moliyalashtirish) joriy etish rejalanmoqda. Ya’ni maktablarga o‘quvchilar soniga qarab byudjetdan mablag‘ ajratilishi.
  • Maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun pulli xizmatlar (bo‘sh joylarni ijaraga berish, pulli to‘garak) tashkil etish imkoniyati yaratilishi.
  • Homiylarni jalb etish. Homiylar turli korxonalar, sobiq bitiruvchilar, o‘quvchilarning ota-onalari bo‘lishi mumkin. Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi.

XTV rejalashtirayotgan bu choralar muammoning bir qismini hal qilishi mumkin. Vaucher tizimi byudjet mablag‘larini samarali yo‘naltirish imkonini bersa-da, mablag‘ning o‘zini ko‘paytirmaydi. Homiylik mablag‘lari ham ixtiyoriy asosda bo‘lgani bois chekka hududlarda maktab ta’miriga mablag‘ topilishiga kafolat bermaydi. Pulli xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi ham chekka hududlarda, aholisi asosan kambag‘allar bo‘lgan joylarda ish berishi mushkul. Vazirlik imkoni bor ishni qilayapti, ammo hukumatning tizimli, aniq qo‘llab-quvvatlovisiz muammoni hal etish ehtimoli oz.

Kiritildi: 12:17 29.05.2019. O'qildi: 1830 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!