Xominaiyning o‘ldirilishi Isroil razvedkasi josuslari tomonidan Tehrondagi yo‘l kameralari ko‘p yillar davomida kuzatilishi natijasi bo‘ldi — Financial Times.
Eronga qarshi amaliyotga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan, uni o‘tkazish sanasi va nishonlar esa AQSh va Isroil razvedkasi ma’lumotlariga asoslangan holda belgilangan.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, “Mossad” xodimlari Eron poytaxtidagi yo‘l kameralari tizimini buzib kirib, ulardagi ma’lumotlarni shifrlangan holda Isroildagi serverlarga uzatgan. Nashr manbalaridan birining aniqlik kiritishicha, kameralardan birining ko‘rish burchagi diniy rahnamoning Paster ko‘chasidagi qarorgohi atrofidagi turargohda qo‘riqchilar o‘z avtomobillarini qanday joylashtirishini kuzatishga imkon bergan. Bu orqali Isroil maxsus xizmatlari yopiq va ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlanadigan kompleksdagi kun tartibi haqida bilib olishgan.
Sun’iy intellekt to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, hayot andozasini (pattern) yaratgan – marshrutlar, ish grafiklari va tansoqchilarning aloqalari doirasi, ularning manzillari va ularga taqsimlab berilgan vazifalarni.
Kameralar orqali olingan ma’lumotlar boshqa ma’lumotlar (masalan, mobil telefon tarmoqlaridan) bilan birga Eron rahbarlari tadbirlari jadvalini aniqlashga yordam bergan.
Bularning barchasi razvedkaga Xominaiyni shanba kungi uchrashuvga qadar kuzatish imkonini bergan. Olingan ma’lumotlar 28 fevral, shanba kuni oyatulloh Ali Xomanaiy yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashishini ko‘rsatgan. Bu ma’lumotni “voqea joyida” o‘z manbasiga ega bo‘lgan Markaziy razvedka boshqarmasi Isroil maxsus xizmatlariga tasdiqlagan.
Shundan keyin asosiy vazifa oyatulloh yerosti bunkeriga olib o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida isroillik mutaxassislar yaqin atrofdagi 10 dan ortiq mobil aloqa minorasining alohida qismlarini ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgandi. Hujum kuni qo‘ng‘iroq qilinganda go‘yoki telefonlar banddek ko‘rsatilgan, shu sababli ehtimoliy xavf haqidagi ogohlantirishlar qo‘riqlash xizmatiga yetib bormagan.