O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 190-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida 4 soatdan va yiliga 120 soatdan oshmasligi kerak.
Endilikda ushbu 120 soatlik cheklov olib tashlanmoqda. Sababi ba’zi xodimlar daromad topish maqsadida ishdan tashqari qo‘shimcha ishlashni xohlasa yoki ish beruvchilar ham ishdan tashqari vaqtga ishchilarni jalb qilmoqchi bo‘lsa, qonundagi bu cheklov bunga yo‘l qo‘ymas edi. Natijada ayrim korxonalar xodimlarni ishdan tashqari vaqtidagi ishi uchun norasmiy ravishda haq to‘lagan holatlari uchramoqda. Masalan, 2024 yilda 627 ta ana shunday noqonuniy holatlar aniqlangan.
Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan ushbu yillik 120 soatlik cheklov bekor qilinmoqda.
Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasiga ko‘ra, Mehnat kodeksiga yana bir qator tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Kodeksning 262-moddasida ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilangan. Endilikda kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun esa kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish faqatgina xodimning roziligi bilan va ish beruvchi va xodimning kelishuvi asosidagina amalga oshirilishi mumkin. Hech kim xodimning roziligisiz majburan uni ish vaqtidan tashqari ishga jalb qila olmaydi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirish va xodimlarning daromadlari ko‘payishiga xizmat qiladi.