Bugun 26 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Xitoydagi ko‘rshapalaklarda inson uchun xavfli yangi viruslar aniqlandi

Xitoydagi ko‘rshapalaklarda inson uchun xavfli yangi viruslar aniqlandi

Yangi viruslar Nipa va Xendra viruslariga o‘xshash bo‘lib, og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Xitoyning Endemik kasalliklarni nazorat qilish instituti olimlari ko‘rshapalaklarda inson uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikki yangi virusni aniqladi. Ularning genetik tarkibi Nipa va Xendra viruslariga yaqin ekani ma’lum qilindi. Bu haqda EurekAlert xabar berdi.

Yangi aniqlangan viruslar bosh miya yallig‘lanishi va nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Ma’lumki, ko‘rshapalaklar tabiatan turli mikroorganizmlar, jumladan, inson uchun xavfli patogenlar uchun rezervuar hisoblanadi. Biroq, ularda mavjud barcha virus, zamburug‘, bakteriya va parazitlarning to‘liq tahlili hozirgacha yetarlicha o‘rganilmagan. Ilgari o‘tkazilgan tadqiqotlar asosan ko‘rshapalak najasiga qaratilgan edi.

Yangi tadqiqotda olimlar Xitoyning Yunnan provinsiyasidagi beshta hududdan to‘rt yil davomida yig‘ilgan 10 turga mansub 142 ko‘rshapalak buyraklarini tekshirdi. Genetik tahlil uchun zamonaviy texnologiyalar yordamida 22 ta virus aniqlandi. Ularning 20 tasi ilgari ilm-fanga noma’lum bo‘lgan.

Eng xavotirli jihat shundaki, Henipavirus avlodiga mansub ikki yangi virus Nipa va Xendra viruslariga juda o‘xshash. Bu viruslar insonlar yashaydigan hududlarga yaqin joylashgan mevali bog‘larda yashaydigan ko‘rshapalaklarda topilgan. Ma’lumki, Henipavirus ko‘rshapalaklar peshobi bilan ifloslangan mevalar orqali odam yoki chorva hayvonlariga yuqishi mumkin.

Tadqiqot davomida olimlar ko‘rshapalaklarda yana Klossiella yunnanensis deb nomlangan yangi protozoy (bir hujayrali parazit) va ikki xil bakteriyani aniqladi. Ularning biri ilgari ilm-fanga noma’lum bo‘lgan va Flavobacterium yunnanensis deb nomlandi.

Mualliflarning ta’kidlashicha, bu kashfiyotlar ko‘rshapalak buyraklarida mavjud barcha mikroorganizmlar to‘plami — infektom haqida bilimimizni kengaytirib beradi. Shu bilan birga, olimlar hayvon a’zolarini to‘liq tahlil qilish orqali zoonoz (hayvonlardan odamga yuqadigan) xavflarni yanada chuqurroq baholash zarurligini ta’kidlamoqda.

Kiritildi: 18:45 25.06.2025. O'qildi: 341 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!