Xitoyda 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida 4,65 millionta nikoh qayd etildi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 10 foizga kam. Bu so‘nggi 18 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. South China Morning Post nashri xabariga ko‘ra, qayd etilgan nikohlar soni 504 mingtaga qisqargan.
Nikohlar sonining kamayishi yil davomida tezlashgan. Birinchi chorakda 1,7 mln, ikkinchi chorakda 1,58 mln va uchinchi chorakda 1,37 mln nikoh qayd etilgan. 2025 yilning mos davrlari bilan solishtirganda, ko‘rsatkichlar tegishlicha 6%, 9% va 15% ga kamaygan.
Shu bilan birga, yanvar-sentyabr oylarida Xitoyda 2,08 millionta ajralish qayd etilgan. SCMP tomonidan so‘ralgan demograflar 2026 yil yakunlari bo‘yicha ham nikohlar soni o‘tgan yilgi darajadan past bo‘lishini kutishmoqda.
Nikohlar sonining qisqarishi aholi soni bir necha yildan beri kamayib borayotgan va tug‘ilish rekordona past darajada qolayotgan Xitoydagi demografik muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Mamlakatda aholining qarishi davom etmoqda, bu esa iqtisodiyot va ijtimoiy tizimga qo‘shimcha bosim yaratmoqda.
XXR Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 65 yoshdan oshgan aholi soni ilk bor 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan oshib ketdi: 223 million kishiga qarshi 213 million kishi. Ushbu yosh guruhlarining ulushi tegishlicha aholining 15,9 foizini va 15,1 foizini tashkil etmoqda.