Uzunligi taxminan 205 metr bo‘lgan kema tashqi tuzilishiga ko‘ra desant kemasini eslatadi. Kemaning orqa qismida suvga chiqish imkonini beruvchi dok-kamera (well deck) mavjud. Bu joy yirik suvosti apparatlarini qabul qilish va suvga tushirish imkonini berishi mumkin.
Kemaning old qismida katta angar joylashgan. Uning aniq vazifasi hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
Naval News bahosiga ko‘ra, angarning hajmi unga uzunligi 35–45 metr bo‘lgan Xitoyning XXLUUV sinfiga mansub 4 tagacha yirik uchuvchisiz suvosti apparatini joylashtirish imkonini beradi. Yoki kichikroq apparatlarni undan ham ko‘proq miqdorda saqlash mumkin.
Kema bunday apparatlarni saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ularni operasiyalarga chiqarish uchun xizmat qilishi mumkin.
Xitoy hukumati qurilayotgan kemaning aniq maqsadini hozircha oshkor qilmagan.
Avvalroq Xitoy to‘liq hajmdagi ikki xil XXLUUV namunasini namoyish etgan. Naval News bunday apparatlar uzoq masofali harbiy operasiyalarda qo‘llanishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq Xitoyning suvosti dronlari qanday aniq vazifalarni bajarishi va ular uchun qurilayotgan ushbu kemadan qanday foydalanilishi hozircha noma’lum.