Xitoy o‘zining «Tyangun» orbital stansiyasiga «Shenchjou-20» nomli yangi kosmik kemasini uchirdi. Bu 2030 yilgacha Oyga odam jo‘natishdek ulug‘vor maqsadga yerishish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir, deb xabar beradi BBC.
Xitoy «Shenchjou-20» kosmik kemasini (Pekin vaqti bilan 17:17) mamlakat shimoli-g‘arbidagi Szyusyuan kosmik markazidan Long March-2 °F tashuvchi raketasida uchirdi.
Ekipaj orbitada taxminan olti oy bo‘lib, Xitoyning Oyda doimiy baza qurish maqsadiga erishishga yordam beradigan ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
Missiyani 46 yoshli sobiq uchuvchi Chen Dun boshqaradi. U 2022 yilda orbitada 200 kundan ortiq vaqt o‘tkazgan birinchi xitoylik astronavt bo‘ldi. U bilan birga birinchi marta koinotga uchayotgan ikki taykonavt, 40 yoshli Chen Chjunruy va 35 yoshli Van Sze ham bor.
Hozirda «Tyangun» orbital stansiyasida, Say Syuychje, Sun Lindun va Xitoy tarixidagi birinchi ayol taykonavt bo‘lgan Van Xaosze ishlamoqda. Ular 2024 yil 30 oktyabrda «Shenchjou-19» kosmik kemasida uchirilgan.
«Shenchjou-20» ekipaji stansiyada turli ilmiy tajribalar o‘tkazadi va uni kosmik chiqindilardan himoya qiluvchi qurilmalar o‘rnatadi. Shuningdek, birinchi marta koinotga yuqori regenerasiya qobiliyatiga yega planariyalar (yassi qurtlar) yuboriladi. Ushbu amaliyotlar kosmosda olingan jarohatlarning oqibatlarini yengillashtirishga yordam beradi.
Ayni paytda orbitada bo‘lgan ekipaj 29 aprel kuni Yerga qaytadi va stansiyani «Shenchjou-20» missiyasiga topshiradi.
Ushbu missiya Xitoyning Oyga odam jo‘natish missiyasi va kelajakdagi kosmik missiyalari uchun texnologik poydevor yaratishga qaratilgan.
Xitoy 2030 yilgacha Oyga odamlarni jo‘natishni va uning yuzasida baza qurishni rejalashtirmoqda.
Xitoy o‘zining kosmik dasturiga milliardlab dollar sarmoya kiritib, AQSh va Rossiyaga yetib olishga harakat qilmoqda.
Fransiya xalqaro munosabatlar instituti qoshidagi Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Mark Juliyenning fikricha, kosmik dastur rivojlanishining “ta’sirchan” sur’atiga qaramay, Xitoy hamon AQShdan sezilarli darajada ortda qolmoqda.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp “ba’zi tadqiqot va kosmik dasturlar uchun byudjetni qisqartirish orqali Xitoyga yordam berishi mumkin”.
Vashingtonda ko‘pchilik Xitoyning kosmik ambisiyalarini haqiqiy tahdid sifatida qabul qiladi. NASA rahbari Bill Nelsonning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Xitoy “Oyga qaytish uchun poyga”da amalda qatnashmoqda va Pekin u yerda hududiy da’volar bilan chiqishi mumkin. Shu sababli u Xitoyning fuqarolik kosmik dasturini ham harbiy dastur sifatida ko‘rishni taklif qildi.