Agar Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z aholisining 90 foizini koronavirusga qarshi emlasa va odamlarda ommaviy immunitet yuzaga kelsa, u Xitoy bilan chegaralarni ochishi mumkin. Bu haqda xitoylik epidemiolog Vu Zunyou xabar bergan.
Ayni paytda AQSh dunyoda koronavirusdan eng ko‘p aziyat chekkan mamlakat bo‘lib, bu yerda 30 millionga yaqin odam COVID-19 ga chalingan. Ammo, so‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlarda yangi kasallanish holatlari kamaymoqda. Shuningdek, 28 fevral holatiga ko‘ra Qo‘shma Shtatlarda aholining 15 foizi koronavirus vaksinasining birinchi dozasini qabul qilib bo‘lgan.
«Avgustga qadar AQShda jamoaviy immunitet darajasi 90% ga yetishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa va barcha siyosiy to‘siqlarni olib tashlasak, ehtimol ikki davlat sayohatga qo‘yilgan barcha taqiqlarni olib tashlashi mumkin» dedi Xitoydagi Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazining bosh epidemiologi Vu Zunyou dushanba kuni.
Ayni paytda Xitoy koronavirus jilovini o‘z qo‘lida ushlab turibdi. Bu mamlakatda so‘nggi oylarda koronavirsga chalinganlar soni juda oz bo‘lmoqda. Xitoyda yanvardan beri aholi orasida yangi kasallanish holati qayd etilmayapti.
«Xitoy COVID-19 bo‘yicha dunyodagi eng xavfsiz mamlakatdir», dedi Vu Singhua universiteti va AQShning Brukings instituti tomonidan tashkil etilgan onlayn-forumda.
Shuningdek, Vu iyun oyiga qadar Qo‘shma Shtatlarda emlash darajasi 80 foizdan oshishiga umid bildirdi.
1.4 milliard atrofida aholisi bo‘lgan Xitoy 9-fevral holatiga ko‘ra 40. 5 million kishini koronavirusga qarshi emlab bo‘ldi