Xitoy janubidagi Guandun provinsiyasining Pingyuan okrugida kuchli yomg‘irlar oqibatida 38 kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi bedarak yo‘qoldi. Bunday ma’lumotlarni 21 iyun kuni mahalliy hokimiyat organlari ma’lum qildi, deya xabar beradi «Sinxua» .
Pingyuan okrugida 16 iyun kuni kuchli yomg‘ir yog‘ib, yer ko‘chkilari va suv toshqinlariga sabab bo‘ldi.
Suv toshqini mavsumi boshlanganidan beri Pingyuan okrugida jamlangan yog‘ingarchilik miqdori 1221,6 mm ni tashkil etdi, bu odatdagi yillardagidan deyarli ikki baravar ko‘p.
Dastlabki statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy ofatlardan okrugning 55388 nafar aholisi jabr ko‘rgan, 2247 ta bino vayron bo‘lgan.
Suv toshqinlari oqibatida yetkazilgan zarar 5,85 milliard yuan yoki taxminan 822 million dollarga baholanmoqda.
Voqea joyida qutqaruv ishlari olib borilmoqda va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilmoqda, shuningdek, tiklash ishlari ham olib borilmoqda.