Xitoy Tashqi ishlar vazirligining Konsullik ishlari departamenti fuqarolarni Eronga safar qilmaslikka chaqirdi. Bu haqda 27 fevral kuni The Global Times nashri xabar berdi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, Erondagi hozirgi xavfsizlik vaziyati inobatga olingan holda fuqarolarga mamlakatga borishdan tiyilish tavsiya etilgan. Shuningdek, Eronda bo‘lib turgan Xitoy fuqarolariga xavfsizlik choralarini kuchaytirish va imkoni boricha tezroq mamlakatni tark etish maslahat berilgan.
Bayonotda Xitoyning Eron va qo‘shni davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari tijorat reyslari yoki quruqlik yo‘nalishlari orqali chiqib ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarga yordam ko‘rsatishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi Jenevada bo‘lib o‘tgan. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, erishilgan natijalar tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun yetarli bo‘lmagan.