Xalq ta’limi vazirligi havoning keskin sovishi sababli har bir tuman (shahar)da tashkil etilgan Ekspluatasiya xizmatlariga zudlik bilan barcha maktablarni issiqlik bilan ta’minlanganligi, isitish qozoni va qozonxonalarining sozlik holati, sinfxonalarning haroratini tekshirib, muammolarni joyida tezkor hal etish choralarini ko‘rishni topshirdi.
Fuqarolardan maktabdagi qoniqarsiz issiqlik tizimi haqidagi ma’lumotni Xalq ta’limi vazirligining hududlardagi shtablariga mazkur havoladagi raqamlar orqali yoki @maktab_uzedubot boti orqali murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz.
Ma’lumot uchun: Ekspluatasiya xizmati tasarrufidagi umumta’lim muassasalari sonidan kelib chiqib jami 352 ta “Damas” rusumli avtotransport vositalari ajratilgan. Xizmatlar kerakli ish qurollari, asbob-uskunalari (elektr va gaz payvandlagichlar, kesish va duradgorlik moslamalari, santexnika va elektr uskunalari) bilan ta’minlangan.