Gazetaning yozishicha, Donald Tramp dushanba kuni telefon orqali suhbat chog‘ida Yevropa yetakchilariga Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatishga tayyor emasligini, chunki u o‘zini "g‘alaba qozonayotgan" deb hisoblayotganini aytgan.
Bu suhbat Tramp va Putin o‘rtasidagi ikki soatlik telefon muloqotidan keyin bo‘lib o‘tgan. Har ikki prezident bu suhbat haqida ijobiy fikr bildirgan.
Nashrning yozishicha, Yevropa yetakchilari avval ham Rossiya prezidenti urushni to‘xtatmoqchi emasligini tushunishgan, biroq bu fikrni birinchi martaTrampning o‘zidan eshitishgan. Holbuki, Tramp ilgari bir necha bor omma oldida Putinning tinchlik kelishuviga erishishni istashiga ishonishini aytgan edi.
Oq uy esa WSJ'ga izoh berishdan bosh tortib, AQSh prezidentining ijtimoiy tarmoqlarda Putin bilan bo‘lgan suhbat haqida qilgan postiga ishora qilgan.
"Putin bilan muloqotimiz ohangi va ruhi a’lo darajada edi. Agar aksincha bo‘lganida, men hoziroq bu haqda ochiq aytgan bo‘lardim", — deb yozgan edi Tramp.