— 14 yashar qizim maktabdan bo‘sh vaqtida ko‘p qavatli uyimiz yonidagi atelyeda ishlardi. Atelye egasi “tikishni bilarkan, oyiga 1 mln. 200 ming so‘m maosh beraman”, degandi. Yaqinda u qizimni ishdan bo‘shatdi. Sababini so‘raganimda dam olish kunlari ishga chiqmagani, gap qaytarganini pesh qildi. Kamiga o‘tgan oy uchun ish haqini ham bermagan. “Voyaga yetmagan qiz ishlashga majbur emas”, desam, “pulini to‘layapmanmi, ishlaydi”, dedi. Puliga achinayotganim yo‘q, lekin atelye egasining shu harakatlari to‘g‘rimi? Voyaga yetmagan bilan og‘zaki tuzilgan kelishuvning ahamiyati bormi?
Ismi sir tutildi
G‘ayrat Ergashev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi raisi:
— Mehnat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.
Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish ushbu Kodeksning 241-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning 241-moddasiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoiti noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda foydalanish taqiqlanadi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning belgilab qo‘yilgan normadan ortiq og‘ir yuk ko‘tarishlari va tashishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ishlar ro‘yxati va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahatini olgan holda belgilaydi.
Mehnat kodeksining 242-moddasiga ko‘ra, ish vaqtining muddati o‘n oltidan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan xodimlarga haftasiga o‘ttiz olti soatdan, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlayotgan o‘quvchilarning o‘quv yili davomidagi ish vaqti muddati ushbu moddaning birinchi qismida tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng ko‘p muddatining yarmidan ortib ketishi mumkin emas.
Mehnat kodeksining 245-moddasiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
Mehnat kodeksining 82-moddasiga ko‘ra, ishga qabul qilish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi.
Korxona rahbari korxona mulkdori unga bergan vakolatlar doirasida xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzadi.
Ishga qabul qilish haqidagi buyruq tuzilgan mehnat shartnomasining mazmuniga to‘la muvofiq ravishda chiqariladi.
Buyruq xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi.
Ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganligidan qat’i nazar, ish boshlangan kundan e’tiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi.
Mehnat kodeksining 153-moddasiga ko‘ra, mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Mehnat haqi qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lishi mumkin emas va uning eng ko‘p miqdori biron bir tarzda cheklanmaydi.
Mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi. Mehnatga haq, qoida tariqasida, pul shaklida to‘lanadi. Mehnat haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi, hukumat tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.
Yuqorida qayd qilingan modda talablaridan kelib chiqib, ishga qabul qilishga kamida 15 yoshga to‘lganidan keyingina ruxsat beriladi, shunda ham voyaga yetmaganning umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilangina yo‘l yo‘qiladi.
Agar amalda qizingiz har oyda 1.200.000 so‘m ish haqi berish to‘g‘risida ish beruvchi bilan og‘zaki kelishuv tuzgan, ya’ni ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganligidan qat’i nazar, ish boshlangan kundan e’tiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi va qizingiz amalda ishlaganligi uchun to‘lanmay qolgan ish haqisini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonunchiligimizda yuqorida qayd qilingan modda talablariga ko‘ra, o‘n beshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun ish vaqtining muddati haftasiga yigirma to‘rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi.