Mehnat kodeksiga o‘zgartish kiritilib, xodimlarga yana bir dam olish kuni belgilanadi.
Volontyorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, davlat organlarining volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’ektlar bilan hamkorligini kuchaytirish, ijtimoiy vazifalarni hal etishda volontyorlarga ko‘maklashish, ularning xizmatlarini e’tirof etish hamda taqdirlash mexanizmlarini takomillashtirish zarur.
Shu maqsadda “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqildi.
Qonunga Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini ta’minlash, shuningdek, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Qonun bilan Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash va unga ko‘maklashish bo‘yicha vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar yalpi majlis oldidan kuni kecha o‘tkazilgan yig‘ilishlarda mazkur qonunga alohida e’tibor qaratdi.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari yurtimizdagi volontyor yoshlar, volontyorlik guruhlari, tashkilotlari faoliyatini keng targ‘ib qilish, saflarini kengaytirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani, volontyorlik faoliyati yuzasidan maqsadli davlat dasturlari ishlab chiqilgani, ular qanday natijalar berayotgani, korporativ volontyorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar hamda aniq maqsad va rejalar mavjudligi bilan ham qiziqdi.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida esa “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonunga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilish borasida ko‘plab ijobiy ishlarni amalga oshirmoqda. Soha xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 5 ming 425 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 11 milliard so‘mga yaqin mablag‘ undirilgani mehnat qonunchiligini ta’minlashda kasaba uyushmalarining o‘rni muhim ekanining amaliy tasdig‘idir.
Mehnat muhofazasi bo‘yicha 932 korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti va mehnati uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 5 mingdan ziyod kamchilikning bartaraf etilgani bu borada samarali tizim yaratilganidan dalolat beradi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatib, soha bo‘yicha 6,7 mingdan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona xizmat qilmoqda. 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni respublikamizning barcha ishchi-xodimlari tomonidan muhim sana sifatida keng nishonlanadi.
Shundan kelib chiqib, Mehnat kodeksi 208-moddasining birinchi qismiga 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilashga qaratilgan o‘zgartish kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.