3 may kuni La Liganing 34-turi doirasida «Espanyol» o‘z maydonida «Real»ga imkoniyatni boy berdi (0:2).
Uchrashuvning 25-daqiqasida «Espanyol» himoyachisi Omar El-Hilali Vinisiusga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik uchun qizil kartochka oldi, biroq VARdan so‘ng chetlatish sariq kartochkaga o‘zgartirildi. Braziliyalik yulduz 55-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 66-daqiqada dublni rasmiylashtirdi.
O‘yin davomida Vinisius va El-Hilali bir necha bor dahanaki jangga kirishishdi. Ularning suhbatini «Movistar Plus+» telekanali kameralari muhrlab qolgan.
Epizodlardan birida vinger shunday deydi: «Ahmoqlikni bas qil. Keyinroq futbolka almashishni taklif qil. Sen ahmoqsan. Urishishni xohlaysanmi?».
Boshqa bir vaziyatda Vinisius raqibning yana bir futbolchisi Karlos Romeroga El-Hilali haqida gapirib: «U televideniyega chiqish uchun o‘zini ahmoqlarcha tutmoqda», — deydi.
Shuningdek, Vinisius El-Hilaliga qarata: «Sen Segundaga qaytasan», — deya xitob qilgan va raqib murabbiyi Manolo Gonsalesga yuzlanib: «Uni almashtiring, hozir chetlatiladi», — deb maslahat bergan.