Orbanning yaqin siyosiy maslakdoshlari hisoblangan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso va Chexiyaning sobiq Bosh vaziri Andrey Babish Vengriyadagi saylovlarda g‘alaba qozongan Peter Madyarga tabrik yo‘llashdi.
Robert Fiso Vengriyaning yangi Bosh vaziri bilan faol hamkorlikka tayyorligini bildirib, shu bilan birga, hokimiyatdan ketayotgan Viktor Orbanga uzoq yillik faoliyati uchun minnatdorchilik izhor etdi. Fiso va Orban yillar davomida Rossiya energiya resurslari va Ukraina masalasida bir xil pozisiyani egallab kelgan edi.
Andrey Babish esa Viktor Orban kabi kuchli raqibga qarshi turish oson bo‘lmaganini qayd etib, Peter Madyar venger xalqining ishonchini qozonganini ta’kidladi. U Chexiya har doim Vengriya saylovchilari tanlagan yetakchi bilan konstruktiv hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.