Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda kutilayotgan muhim saylovlar arafasida vaziyat keskin tus oldi. Bosh vazir Viktor Orban Serbiya bilan chegaradosh hududdagi strategik gaz quvurini harbiy qo‘riqlovga olishni buyurdi. Bu qaror Serbiya tomonidan quvur yaqinida ulkan kuchga ega portlovchi modda topilgani haqidagi xabarlardan so‘ng qabul qilindi.
Orban shaxsan chegaraga yo‘l olib, ushbu quvurni mamlakatning hayotiy muhim arteriyasi deb atadi va armiya uni himoya qilishga tayyorligini bildirdi.
Biroq, so‘rovnomalarda Viktor Orbandan o‘zib ketayotgan oppozisiya yetakchisi Peter Madyar bu voqealarni saylovchilarni chalg‘itish uchun uyushtirilgan "arzon teatr" deb atadi. Uning fikricha, hukumat mag‘lubiyatdan qo‘rqib, ataylab vahima uyg‘otmoqda.
Vengriya rasmiylari voqeada Ukrainaning qo‘li borligiga ishora qilgan bo‘lsa, Kiyev buni Moskvaning saylovlarga ta’sir o‘tkazish maqsadidagi provokasiyasi deb baholadi. Kutilmaganda, Serbiya kontrrazvedkasi Ukrainaning aybdorligi haqidagi da’volarni inkor etdi.
Mutaxassislar topilgan portlovchi moddalarda AQSh markirovkasi bo‘lganini qayd etishdi, ammo bu hali tashkilotchilar kimligini anglatmaydi. Shu bilan birga, Kreml vakili Dmitriy Peskov hech qanday dalil keltirmasdan, voqeani Ukraina tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi buzg‘unchilik harakati deb atadi.
AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning tashrifi fonida yuz berayotgan ushbu voqealar mamlakatdagi siyosiy keskinlikni eng yuqori nuqtaga olib chiqmoqda.