Venesuela Lotin Amerikasidagi yetti mamlakat elchilarining yaqinda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari haqidagi tanqidlariga javoban zudlik bilan chiqarib yuborilishini e’lon qildi. Qaror Argentina, Chili, Kosta-Rika, Peru, Panama, Dominikan Respublikasi va Urugvay diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga tegishli. Bundan tashqari, Venesuela ushbu mamlakatlardagi diplomatlarini chaqirib oladi.
Bolivar Respublikasi hukumati keskin bayonot bilan chiqdi: «Venesuela o‘z taqdirini mustaqil belgilash huquqiga ega. Venesuela hukumati tinch-totuv yashashga tahdid soladigan har qanday harakatlarga qarshi chiqadi. Biz saylov natijalarini e’tiborsiz qoldirishga urinish bo‘lgan bayonotlarni qat’iy rad etamiz».
Ushbu qarordan oldin bir qator davlatlar, jumladan, AQSh va Kanada tomonidan Venesueladagi saylov natijalarini muhokama qilish uchun Amerika Davlatlari Tashkilotining favqulodda yig‘ilishini chaqirish taklifi kiritilgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, amaldagi prezident Nikolas Maduro 51,2% ovoz bilan saylovda g‘alaba qozongan. Uning eng yaqin raqibi, muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales 44,2% ovoz oldi. Shu tariqa Maduro ketma-ket uchinchi olti yillik muddatga prezidentlik qiladi.