O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahriga tashrifi yakunlariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Sent-Luis shahrida (Missuri shtati) Vebster universiteti rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dasturni tatbiq etish uchun hamkorlar sifatida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti jalb etilgan.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Universitet rahbariyati ikki tomonlama ta’lim sohasidagi hamkorlikni ilgari siljishini yuqori baholadi va O‘zbekiston Prezidenti bilan Nyu-Yorkdagi uchrashuv chog‘ida olingan majburiyatlarga sodiqligini ma’lum qildi.
«Men Nyu-York shahridagi qabulda ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ldim va ushbu tadbir O‘zbekiston Prezidentining mamlakatni har tomonlama rivojlantirish va o‘zgartirishga qaratilgan ulkan rejalari, shuningdek, qo‘yilgan maqsadlarga erishishdagi qat’iyati menda katta taassurot qoldirdi», - dedi Vebster universiteti prezidenti Elizabet Strolb.
AQSh universiteti rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim tizimini isloh etish to‘g‘risidagi qarorini yuqori baholadi va mazkur hujjat qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitish va o‘zaro e’tirof etiladigan xorij diplomlarini olish imkoniyatini yaratganligini ta’kidladi.
«Biz O‘zbekistonda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu jarayonda universitetimiz ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qilamiz», - deya qayd etdi Elizabet Strobl va O‘zbekistonda filial faoliyatini boshlashi uchun kerakli barcha sharoitlar yaratilishiga qaratilgan O‘zbekiston tomonining sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Muzokaralar yakunida Vebster universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Ushbu bitim O‘zbekistonda Vebster filiali ta’sis etishning asosiy tamoyillari va shartlari, jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan birgalikda 2018 yil sentyabr oyidan e’tiboran TESL dasturini boshlashni nazarda tutadi.
Kelishuvlarga binoan, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab 100 ga yaqin talaba ingliz tilida ta’lim berish sohasida amaliy va kasbiy bilim olishi mumkin. Malakali ingliz tili o‘qituvchilariga katta talab mavjud sharoitda butun dunyoda e’tirof etiladigan ushbu diplom o‘z egasiga ko‘pgina universitet, kollej va tilga ixtisoslashgan maktablarda, shu jumladan, xorijiy ta’lim muassasalarida munosib mavqe’ga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
«Bugungi voqe’lik O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ta’lim muassasalari hamkorligini kengaytirishda navbatdagi qadam bo‘ldi. Bu esa ikki turli ta’lim tizimini uyg‘unlashtirish hamda madaniy muloqotni mustahkamlash imkoniyatini yaratadi», - deya qayd etdi Vebster universiteti vise-prezidenti Julian Shuster. Uning fikriga ko‘ra, TESL dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi hamda kompyuter texnologiyalari va biznes boshqaruvi sohasidagi dasturlar bo‘yicha onlayn o‘qitishni sinab ko‘rish Vebster universitetining O‘zbekiston ta’lim bozoriga to‘la qonli kirishini ta’minlaydi.
Endilikda Vebster universiteti O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgan birinchi AQSh oliy ta’lim muassasasiga aylanadi.
Manba: azon.uz