Sikstin kapellasi mo‘rilaridan oq tutun chiqishi bilan turli mamlakatlardan kelgan minglab katoliklar qarsaklar bilan yangi Rim Papasi saylanganini qarshi oldilar. Bu haqda Ruptly agentligi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Oq tutun – asrlar davomida davom etib kelayotgan ramziy an’ana. Rim Papasini saylash maqsadida yig‘ilgan kardinallar konklavi ovoz berish jarayonida kerakli natijaga erishganida, maxsus o‘t oluvchi moddalar yordamida Sikstin kapellasi mo‘risidan oq tutun chiqariladi. Agar ovoz berishda kelishuvga erishilmasa, qora tutun chiqariladi. Bu an’ana 1914 yildan beri amal qilib keladi va butun dunyodagi katoliklar uchun yangi Papaning tanlangani haqidagi birinchi rasmiy ishora hisoblanadi.
Yangi Rim Papasi tez orada maydonda to‘plangan odamlar oldida chiqish qilishi kutilmoqda.