Shu kunlarda O‘zbekiston milliy universiteti boshqa joyga ko‘chirilib o‘rniga Akfa universiteti joylashtirilishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lmoqda, deb yozadi Minbar nashri.
Tasdiqlanmagan xabarlarga qaraganda Akfa universiteti tarkibida tibbiyot yo‘nalishi mavjud bo‘lib, ushbu yo‘nalish ichida klinika tashkil qilinadi. Klinika shaharga qulay joyda bo‘lishi uchun ham Akfa universiteti O‘zMU hududiga ko‘chirilishi mumkin.
Agar bu xabar chin bo‘lsa, O‘zbekistondagi (butun Markaziy Osiyodagi) birinchi universitet hududiga birinchi xususiy universitet joylashadi.
Hozircha ushbu ma’lumot rasmiylar tomonidan tasdiqlanmadi.
Bundan avval ham bu gap ko‘tarilgan bo‘lib, fevral oyida Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Ahmedov shahardagi O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti shahar tashqarisiga ko‘chirilishi mumkinligini aytgandi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa o‘shanda hokimiyat O‘zMU va Toshkent davlat texnika universitetining shahardan tashqariga ko‘chirilishidan bexabarligini bildirgan.
Akfa universiteti Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib unda fundamental, tibbiyot, aniq va gumanitar fanlar sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ta’lim yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ingliz tilida beriladi.
Abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestasiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari universitet tomonidan belgilanadi.
Universitetda ta’lim olish to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda e’tirof etiladigan diplom beriladi.