Ma’lumki fuqarolik qonunchiligida boshqa shaxslarning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun moddiy javobgarlik belgilangan. Bunday javobgarlikni qo‘llash asoslarini tahlil qilishda, avvalo, qanday holatlar o‘zganing mablag‘laridan foydalanish sifatida qaralishi mumkinligi, uning asoslarini tahlil qilish zaruriyati yuzaga keladi. Fuqarolik kodeksining 327-moddasi 1-qismida boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerakligi belgilangan.
Ushbu qoida pul majburiyatlarining buzilishi uchun javobgarlikni belgilaydi. Mazkur norma fuqarolik-huquqiy majburiyatlarning boshqa shakllarini bajarmaganlik yuzasidan kelib chiqadigan javobgarlikni tartibga solmaydi, balki aynan pul majburiyatlarini bajarmaganlik yuzasidan kelib chiqadigan moddiy javobgarlikka oid munosabatlarning huquqiy asosini belgilab beradi.
Pul majburiyati bo‘yicha javobgarlik uchun asos bo‘lib ana shu majburiyatning tegishli pul mablag‘larini muddatida qaytarmaslikda ifodalangan buzilish fakti xizmat qiladi. Ya’ni o‘zga shaxsning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishi uchun shaxs o‘zga shaxsning pul mablag‘larini biror fuqarolik-huquqiy munosabat asosida qaytarishi lozim bo‘lsada o‘z vaqtida qaytarmagan, yoki o‘zga shaklda qo‘lga kiritib, mablag‘larni oqilona muddatda egasiga bermagan bo‘lishi lozim. Mazkur javobgarlikning kelib chiqishi uchun shu kabi pul mablag‘larini qaytarmaganlik muddati muhimdir.
Javobgarlikni belgilash uchun mablag‘larni qarzdor tomonidan noqonuniy ishlatilishi emas, balki mana shu vaziyat asosiy ahamiyat kasb etadi.
Pul malbag‘laridan to‘lov vositasi sifatida, pullik qarzni to‘lash vositasi sifatida foydalanilayotgan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksining 327-moddasi qoidalari asosida taraflarning munosabatlariga nisbatan majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarik qo‘llanmaydi.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 7-bobi, 94-moddasida pul narsa(buyum)larning turlari qatorida fuqarolik huquqi obyekti sifatida keltirilgan. Masalan, kredit va boshqa shartnomalarda pul shartnoma predmeti sifatida qaraladi. Bu kabi pul tovar rolini o‘ynaydigan munosabatlarga nisbatan o‘zganing pul mablag‘laridan g‘ayriqonuniy foydalanish uchun javobgarlik qo‘llanmaydi. Faqatgina pul majburiyatlarini bajarmaganlik holatidagina javobgarlik qo‘llaniladi.
Fuqarolik kodeksining normalarida ma’lum bir fuqarolik munosabatlarga nisbatanaynan kodeks 327-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanilishi ham belgilangan. Masalan qarz shartnomasi umumiy qoidaga ko‘ra haq evaziga tuziladigan shartnoma hisoblanadi, foiz miqdori esa (agar faqat qonun yoki shartnomada foiz to‘lanmaslik xususiyati o‘rnatilmagan bo‘lsa), FKning 734-moddasiga binoan shartnoma bilan belgilanadi. Ushbu shartnomada foiz miqdori haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmalar bo‘lmasa, boshqa shaxslarning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foiz to‘lash fuqarolik kodeksining 327-moddasidagi qoidalarga binoan amalga oshiriladi.
Ushbu moddada belgilangan boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, qaytarib berishdan bosh tortish, to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz undirishni fuqarolik-huquqiy javobgarlikning alohida, o‘ziga xos bir chorasi deb hisoblash mumkin.
Pul majburiyatining bajarilmasligi, ya’ni tegishli pul mablag‘larining qaytarilmasligi uchun javobgarlik qo‘llanilishi uchun quyidagi asoslar bo‘lishi lozim:
Asossiz ushlab qolish qonunga zid ravishda ushlab qolishdir. Bunda pullar qay tarzda qarzdorga o‘tib qolganligining, ya’ni qonuniymi yoki g‘ayriqonuniymi ekanligi ahamiyat kasb etmaydi. Masalan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2019 yilning uchinchi choragida nazorat tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud amaliyoti Obzori”da keltirilgan iqtisodiy sud ishida (javobgar) AT “Mikrokreditbank” filiali va (da’vogar) “Shams” MCHJ o‘rtasida nomuayyan muddatga tuzilgan bank-hisobvarag‘i shartnomasi shartlariga ko‘ra, “Bank” mijozga bank hisobvaraqlarini ochish, uning hisobvarag‘iga kelib tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilish va kiritib qo‘yish, mijozning hisobvarag‘idan tegishli pul mablag‘larini o‘tkazish va to‘lash, kassa xizmati ko‘rsatish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish majburiyatini olgan.
Biroq, javobgar Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan va 2009 yil 16 martda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risida”gi 1948-sonli Yo‘riqnoma talablariga amal qilmasdan uni bir necha marotaba buzib, da’vogarning hisob raqamiga kelib tushgan mablag‘lardan 2013-2016 yillarda jami 13 767 934 so‘m miqdorida bank xizmati olib da’vogarga zarar yetkazgan.
Javobgar tomonidan taraflar o‘rtasida 2013 yil 22 sentyabrda imzolangan 45-sonli bank-hisobvarag‘i shartnomasiga zid ravishda 2014-2016 yillarda pul mablag‘larini noto‘g‘ri undirib olganligi sababli, tumanlararo iqtisodiy sudining boshqa ish bo‘yicha qabul qilgan hal qiluv qarori bilan 10 462 718,31 so‘m pul mablag‘lari da’vogarning foydasiga undirib berilgan.
Shundan keyin da’vogar tumanlararo iqtisodiy sudiga murojaat qilib o‘zining pul mablag‘larini bank tomonidan g‘ayriqonuniy ushlab qolinib foydalanilganligi uchun undan 4 596 566 so‘m foiz undirishni so‘ragan.
Qaytarib berishdan bosh tortish holatlarida pul mablag‘larini mulkdordan olgan shaxs ularni qaytarib berishdan bosh tortadi. Mulkdor tomonidan qarzdorga pul mablag‘larini berishga nima asos bo‘lganligining bu o‘rinda ahamiyati yo‘q.
Pul mablag‘larini qaytarib berishdan bosh tortish bilan bog‘liq munosabat mazmunini tushunish uchun sud amaliyotidan misol keltiriladigan bo‘lsa, Oqoltin tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 25 dekabrdagi 4-1204-2011/809-sonli ishida O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Toshkent shaxar hududiy boshqarmasi «AAA» AJ manfaatida, javobgar «XXX» MCHJdan 1 160 946 000 so‘m asosiy qarzni undirish to‘g‘risidagi da’vo kiritadi. Unda ko‘rsatilishicha taraflar o‘rtasida 2018 yil 12 yanvarda tuzilgan №10/Z007-sonli zayom shartnomasiga asosan, davogar «AAA» AJ javobgar «XXX» MCHJga “LLL” aksiyadorlik jamiyatidan qishloq xo‘jalik texnikalarini sotib olishi uchun moliyaviy taminlanlash maqsadida 3 853 793 000 so‘m miqdorda zayom mablag‘larini ajratishi, javobgar davogarga ajratilgan zayom mablag‘larini 5 foizlik ustamasi bilan qaytarish majburiyatini olgan. Biroq javobgar shartnoma shartlarini buzib, berilgan zayom mablag‘laridan foydalanib kelgan bo‘lsada, 837 781 000 so‘m asosiy zayom qarzdorligi, 323 165 000 so‘m zayom foizidan qarzi, jami 1 160 946 000 so‘m zayom qarzini qaytarib to‘lamagan, davogar tomonidan 2020 yil 30 iyul kuni yuborilgan №08-03/03-823/5-sonli talabnomaga javob bermagan. Sud davogar tomonidan taqdim etilgan ish materialarini ko‘rib chiqib, quyidagi asoslarga ko‘ra da’vo talablarini qanoatlantirgan: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga asosan qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf ikkinchi tarafga pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi. Ish hujjatlariga ko‘ra, taraflar 2018 yil 12 yanvarda tuzilgan №10/Z-007-sonli zayom shartnomasiga asosan huquqiy munosabatga kirishgan. Mazkur shartnomaga ko‘ra, davogar javobgarga 3 853 793 000 so‘m miqdorda qishloq xo‘jalik texnikalari va ularga ehtiyot qismlari sotib olishi uchun zayom ajratgan. Biroq javobgar davogar tomonidan berilgan zayom va undan foydalanganligi uchun foiz to‘lovlarini to‘lamagan va ushbu kunga kelib davogar oldida 1 160 946 000 so‘mlik qarzi vujudga kelgan. Mazkur holatda, javobgarning da’vogar oldidagi pul mablag‘larini qaytarish majburiyatini bajarmasligi o‘zganing pul mablag‘larini qaytarishdan bosh tortish deb talqin qilinishi mumkin.
To‘lovni boshqa tarzda kechiktirishning ma’nosi shartnomada va xuddi shu kabi, qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan pul mablag‘larini to‘lash muddatining har qanday kechiktirilishini anglatadi.
Masalan, da’vogar “Shodlik” MCHJ xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Bahor” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan (javobgar) yetkazib berilmagan mahsulot qiymatiga nisbatan hisoblangan 20.445.000 so‘m penya, 4.815.000 so‘m foiz undirishni so‘ragan.
Sud ishni ko‘rib chiqib, Fuqarolik kodeksi 327-moddasi asosida da’vogarning bank foizi talabini bankning qayta moliyalash stavkasidan kam bo‘lmagan miqdorda undirishi lozim deb hisoblagan. Shu bois javobgardan da’vogar foydasiga bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foiz miqdorda bo‘lganini inobatga olib, 4.815.000 so‘m foiz undirishni lozim topgan.
Pulni boshqa shaxs hisobidan asossiz ravishda olish holatiga misol sifatida, biron shaxs qonun hujjatlarida yoki bitimda belgilab qo‘yilmagan asoslarda boshqa shaxsning pul mablag‘lari hisobiga mol-mulk sotib olib, pul mablag‘larini qaytarmagan holatni tushunish mumkin.
Boshqa shaxs hisobidan asossiz jamg‘arish bu-asossiz olishdan farqli o‘laroq, shaxs tomonidan sarflanishi shart bo‘lgan pul mablag‘lari summasining harajatni boshqa shaxs amalga oshirgani sababli saqlab qolinishi anglashiladi.
Yuqorida tahlil qilingan asoslar o‘zganing pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun javobgarlikni keltirib chiqaruvchi umumiy sabablardir.
Bozor qonuniyatlariga asoslangan iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy rivojlanish mamlakatimiz kelajagi uchun poydevor yaratish, aholi turmush tarzi va farovonligini oshirish, ularning kundalik ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish kabi maqsadlar bilan yo‘g‘rilgan. Zero, yangidan-yangi iqtisodiy va huquqiy munosbatlar tarkib topayotgan hozirgi sharoitda pul munosabatlarini tartibga solish bilan bog‘liq masalalar va ularning yechimiga doir ilmiy-nazariy hamda amaliy natijalar xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qiladi va demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lidagi ijobiy farovonlikka munosib hissa qo‘shadi.
Shoira ERMETOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi iqtisodiy guruh tinglovchisi