Bugun 11 dekabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

«O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga soliqdan imtiyoz berishmoqchi

«O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarga soliqdan imtiyoz berishmoqchi

Oliy majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasida ayrim qonun hujjatlariga zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qondirish, ularning rivoji uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni liberallashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, loyiha bilan 2027 yil 1 sentyabrga qadar «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni mol-mulk va yer solig‘idan ozod etish belgilanmoqda.

Shuningdek, affinaj korxonalariga (tarkibida qimmatbaho metal va qimmatbaho toshlar bo‘lgan xom ashyo bilan ishlash faoliyatini lisensiya asosida amalga oshiruvchi korxonalar) qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shakl va miqdorlarga keltirgan holda sotish hamda qimmatbaho metallardan suvenir tangalar tayyorlash va realizasiya qilish huquqini berish nazarda tutilyapti.

Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga ham o‘z navbatida o‘zlari yasagan zargarlik buyumlarining xomaki mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizasiya qilish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatbaho metallarni va zargarlik buyumlarini sotib olish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni bojxona to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotuvga qo‘yish hamda chakana savdoda realizasiya qilish taqiqlanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlarning ayrim normalar yuzasidan savollariga qonun tashabbuskorlari tomonidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tildi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi respublikamizda zargarlik sanoatini rivojlantirish, mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvatlash va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Shuningdek, sohaning eksport salohiyatini oshirish, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Kiritildi: Bugun 15:12. O'qildi: 165 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!