Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika xavfsizligini mustahkamlash, energiya resurslari, jumladan, tabiiy gazga bo‘lgan ichki talabni barqaror qondirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyot va aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani yangi zaxiralarni aniqlash, mavjud konlar samaradorligini oshirish va yangilarini ishga tushirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining oldiga sohada natijadorlikni tubdan oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish vazifalari qo‘yilgan.
Taqdimotda qayd etilganidek, 2025 yilda jamiyat korxonalari tomonidan 25,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, 56 ta yangi quduq burg‘ilandi, 29 ta quduq mukammal ta’mirlandi.
2026-2027 yillarda tabiy gaz chiqarish hajmini barqaror darajada ta’minlash, 300 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Jumladan, geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar samaradorligini oshirish, zaxiralarni ko‘paytirish va qazib chiqarish hajmlarining barqarorligini ta’minlash, xaridlar tartib-taomillarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, gazni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, jamiyat va uning korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi.
Kompaniya faoliyatida operasion samaradorlikni oshirish, xususan, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlarini to‘xtatish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini nazorat qilish, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qat’iy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida, shu jumladan Surxondaryo viloyatida qayd etilgan texnogen holatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bunday holatlar yangi istiqbolli maydonlarni izlash, quduqlarni chuqur burg‘ilash va geologik qatlamlarni o‘rganish jarayonlarining tabiiy tarkibiy qismi bo‘lib, ular dunyo amaliyotida ham ko‘p uchrab turadi. Yurtimizda bunday vaziyatlarda tegishli choralar ko‘rib borilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz mutasaddilarga geologik tadqiqotlar olib borilayotgan hududlarda doimiy monitoringni kuchaytirish, zamonaviy nazorat texnologiyalarini joriy etish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.