Qashqadaryo viloyati respublikada eng ko‘p korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ygan viloyat sifatida qayd etilgan. Bu haqda viloyat rahbari Zoir Mirzayev xalq ta’limi mas’ullari va vazir Sherzod Shermatov ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar berdi «Daryo» muxbiri.
Ta’kidlanishicha, viloyat rahbari vazir Sherzod Shermatov ishtirokidagi yig‘ilishda so‘z olib, viloyat xalq ta’limi tizimida tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik va korrupsiya avj olganini gapirgan.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining rahbari va Hisob palatasi kelganda biz viloyatdagi korrupsion holatlar bo‘yicha muhokama o‘tkazdik. Aynan ta’lim va tibbiyotni muhokama qildik. Qashqadaryo respublikadagi eng katta korrupsion xatoliklarga yo‘l qo‘ygan viloyat sifatida qayd etildi. Bu qachongacha davom etadi?», — dedi viloyat hokimi Zoir Mirzayev.
Viloyat rahbari Yakkabog‘ tuman xalq ta’limi tizimidagi korrupsion holatlar haqida to‘xtalib, «Yakkabog‘ni aytyapti, jinoiy ish ochilgan. Jinoiy ish ochilib, uch oy davomida hali tergov ketyapti. Tergov davomida o‘sha odam, o‘sha rahbar yana 200 million dollarga korrupsion operasiya qilib qo‘ygan. Qanday qilib bular bilan murosa qilib bo‘ladi?», — degan.
«Daryo» muxbirining ma’lum qilishicha, viloyat rahbari Yakkabog‘ tuman xalq ta’limi tizimidagi korrupsion holat haqida gapirganda aynan kimni nazarda tutayotganini ochiqlamagan.
Zoir Mirzayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi davomida maktablar uchun berilgan 250 milliard so‘m ham, qo‘yib berilsa, talon-toroj bo‘lishi mumkinligini gapirgan.
«Prezidentimiz tashrifidan keyin bizga 250 milliard so‘m mablag‘ berilayotgani katta mas’uliyat talab qiladi. Bunga halollik kerak, yondashuv kerak, fidoyilik kerak. Mana, kecha maktab tanlashda shunaqangi narsalarga ishonch hosil qildimki, o‘yin bo‘lib ketgan. U yerda o‘tirgan hokimlar ham, ta’limning rayondagi vakillari paxsa maktablarni qoldirib, o‘yin qilib yuborgan. U narsaga yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi Zoir Mirzayev.