O‘zbekistonning Favqulodda va Muxtor elchisi Ulug‘bek Lapasov (qarorgohi Nyu-York shahrida) Kuba Prezidenti Migel Mario Dias-Kanel Bermudesga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qisqa suhbatda Prezident Migel Bermudes Kuba O‘zbekiston bilan do‘stlik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan munosabatlarni qadrlashini ta’kidladi.
Shuningdek, u Kuba hukumatining rasmiy Toshkent bilan siyosiy muloqotni faollashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorligi bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida Migel Bermudes O‘zbekiston Prezidentiga hurmat va ezgu tilaklarni yetkazdi.
Elchi Ulug‘bek Lapasov Gavanaga tashrifi davomida Kuba milliy qahramoni Xose Marti haykali poyiga gul qo‘ydi. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Parlament, Sog‘liqni saqlash vazirligi, "BioKubaFarma" biotexnologiyalar va farmasevtika sanoati guruhi bilan uchrashuv hamda muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Kuba o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2006 yil 13 martda o‘rnatilgan. Ulug‘bek Lapasov esa O‘zbekistonning Kubadagi 18 yildagi birinchi elchisidir.
Ulug‘bek Lapasov 42 yoshda. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, shuningdek, bir qator xorijiy universitetlar dasturlarini tamomlagan. Tashqi ishlar vazirligi tizimida stajyor sifatida ish boshlagan, markaziy apparatda va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda mehnat faoliyatini olib borgan. 2016 yildan beri maslahatchi, muvaqqat ishlar vakili, BMTning Jenevadagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, elchi lavozimlarida ishlagan. Fransuz, ingliz, rus tillarida so‘zlasha oladi.