Tailand Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, Tailandning xorijdagi barcha elchixonalari va bosh konsullik muassasalarida elektron viza "e-Visa" xizmati ishga tushirildi.
Xabarga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Tailandning xorijdagi 94 ta elchixonalari va bosh konsulxonalarida "e-Visa" xizmatidan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Elektron viza tizimiga ko‘ra, Tailand vizasi olishga murojaat qilmoqchi bo‘lgan chet el fuqarosi https://thaievisa.go.th/ manzilidagi yangi onlayn elektron viza platformasi orqali ariza topshirishi kerak.
Qayd etilishicha, ariza beruvchidan pasport va tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasini Tailand diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga shaxsan taqdim etishi talab qilinmaydi.
Elektron viza arizasi ma’qullangach, arizachiga tasdiqlovchi elektron pochta xabari yuboriladi. Ariza beruvchidan jo‘nash portidagi aviakompaniyaga va Tailandda immigrasiya xizmati xodimlariga taqdim etish uchun tasdiqlovchi elektron pochta nusxasini chop etishi so‘raladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, 2024 yilning 15 iyul kunidan e’tiboran O‘zbekiston fuqarolariga Tailandga sayohat uchun 60 kungacha vizasiz rejim joriy etilgan. Elektron viza tizimida fuqarolarga turistik, biznes, oilaviy va boshqa viza turi 90 kun muddatga beriladi, — deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.