Bugun 19 aprel, 2025 yil, shanba

КИР

O‘zbekistonlik qizlarni Turkiyada fohishalikka majburlagan ayol qo‘lga olindi

O‘zbekistonlik qizlarni Turkiyada fohishalikka majburlagan ayol qo‘lga olindi

Turkiyada ikki nafar o‘zbekistonlik qizni intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlagan ayol ushlandi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati.

Olmaliq shahrida yashovchi ikki qizga Turkiyadagi Shahnoza ismli tanishi ularni ushbu davlatga yuborishi, o‘zi kutib olishi va yaxshi daromad topishlariga yordam berishini aytgan. Ayol ularni yuz uqalovi yo‘nalishida ish borligi bilan ishontirgan hamda Turkiyaga borish uchun aviachipta va boshqa moddiy xarajatlarni qoplab bergan.

20 yoshli ikki qiz 6 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Anqara shahriga, so‘ng Konya viloyatiga yetib borgan. Ularni kutib olgan uch nafar shaxs (Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari) shu zahotiyoq qizlarning pasportlarini olib qo‘ygan.

Shundan so‘ng ularni intim xizmatlar ko‘rsatuvchi xonadonga olib borib, erkaklarga intim xizmat ko‘rsatishga majburlagan. Qizlardan biri bunga rozi bo‘lmagani uchun kaltaklangan va unga ruhiy hamda jismoniy tazyiq o‘tkazilgan. Ularni yopiq sharoitda saqlab, takroriy qarshilik ko‘rsatishsa, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan, deyiladi xabarda.

12 fevral kuni voqea yuzasidan olingan ma’lumotga asosan Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari, Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya Respublikasi huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qizlarni O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan. Ular zudlik bilan reabilitasiya markaziga joylashtirilgan.

Shuningdek, qizlarni aldab chaqirtirgan va ularni shahvoniy ishlarga jalb qilgan shaxslar Turkiyada hibsga olingan. Holat yuzasidan O‘zbekiston fuqarosi SH. J.ga (ayol) nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda uni O‘zbekistonga ekstradisiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Kiritildi: 15:58 06.03.2025. O'qildi: 1529 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!