Prezident «Vatandoshlar» jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. U o‘z faoliyatini boshlashi uchun 5 mlrd so‘m ajratiladi.
Jamg‘armani tashkil etishdan asosiy maqsad — dunyoning 100 ga yaqin mamlakatlarida istiqomat qilayotgan 10 milliondan ortiq vatandoshlar, ular tomonidan tashkil etilgan 170 dan ortiq madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Fond xorijda vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish, xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
Qolaversa, O‘zbekistonning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va ommalashtirishda, xorijdagi vatandoshlarning chet eldagi ilmiy va ijodiy, O‘zbekistondagi tadbirkorlik, investisiyaviy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy faoliyatiga ko‘maklashiladi.