2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 80 ta uyushgan jinoiy guruh aniqlanib, 211 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda 11 aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapov ma’lum qildi.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart oylarida jami 6211 ta oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 596 taga kam.
«Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 4080 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Natijada jinoiy guruh va shaxslardan 872 kg giyohvandlik vositalari, 33 kg sintetik moddalar va 296 mingdan ziyod kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilindi», — deydi u.
«Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan keng ko‘lamli tezkor tadbirlar natijasida jami 670 ta jinoyatlar aniqlandi. 80 ta uyushgan guruhlar va ular tarkibidagi 211 nafar shaxs ushlandi», — deya qo‘shimcha qildi Ashrapov.
Uning qayd etishicha, o‘tgan uch oyda 1076 ta korrupsion va iqtisodiy jinoyatlar aniqlangan va ular oqibatida 199 mlrd 565 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, axborot-kommunikasiya texnologiyalari yordamida 18 mingdan ortiq jinoyat sodir qilingan. Ularning 97 foizi fuqarolarning pul mablag‘larini elektron to‘lov tizimlari orqali qo‘lga kiritish bilan bog‘liqdir.
Tahlillarga ko‘ra, kiberjinoyatlar quyidagi usullar orqali sodir etilgan:
8783 tasi (48 foizi) ijtimoiy tarmoqlarda yuborilayotgan soxta havolalar orqali tasdiqlovchi maxfiy kodni qo‘lga kiritish yo‘li bilan;
3635 tasi (20 foizi) ijtimoiy tarmoq va veb-resurslar orqali olib borilgan aldovlarga ishonib, pul o‘tkazib berish tartibida;
2624 tasi (14.3 foizi) soxta onlayn moliyaviy birjalar orqali;
197 tasi (1 foizi) turli aldovlar asosida telefon qo‘ng‘iroqlar orqali karta raqami va maxfiy kodini qo‘lga kiritish yordamida;
2843 tasi (16.7 foizi) boshqa usullar orqali.
«Shuningdek, uch oyda tezkor tuzilmalarimiz va saf bo‘linmalarimizning xizmat faoliyati jarayonida tergov hamda sud organlaridan yashirinib yurgan 2193 nafar shaxs ushlandi. 171 nafar bedarak yo‘qolganlar topilib, oilasi bag‘riga qaytarildi», — deydi Ramazon Ashrapov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning birinchi choragida mamlakatdagi mavjud mahallalarning 81 foizi, ya’ni 7309 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Shu bilan birga jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 1497 tasi (16,6 foizi) «sariq», 186 tasi (2,1 foizi) «qizil» toifaga kiritilgan.