“O‘zbekkosmos” xabariga ko‘ra, bu Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan bo‘lib, dambalarning siljish va cho‘kish dinamikasi “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik nazoratga olinadi. Amalga oshirilgan monitoring natijalari “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish” elektron platformasiga integrasiya qilinadi.
Mazkur elektron platformada suv omborlari bo‘yicha kosmik monitoring natijalari, xususan, mavjud to‘g‘onlarning real holati, ulardagi siljish va cho‘kish ko‘rsatkichlari, to‘g‘onlarning seysmik mustahkamligi va favqulodda xavflilik darajasi kabi muhim ma’lumotlar jamlanadi. Jarayonlarni doimiy nazorat qilib borish maqsadida “Suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligi kosmik monitoringini o‘rganish komissiyasi” tashkil etiladi.
Bu chora-tadbirlar orqali suv omborlaridagi to‘g‘onlarning mustahkamlik va yaroqlilik holatini doimiy o‘rganib borish, ularda kuzatilishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldindan tahlil qilish va ulardagi ehtimoliy siljishlarni aniqlash imkonini beradi.