"Sun’iy intellektdan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsga doir ma’lumotlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda qonunga xilof ravishda ishlov berish, shuningdek, ularni OAV va internetda tarqatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi yangi 46-2-moddani kiritish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasida "sun’iy intellekt" tushunchasiga ta’rif berilib, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda vakolatli organning funksiyalari belgilanmoqda. Axborot resurslarini yaratishda va axborot tizimlarining ishlashida sun’iy intellektni qo‘llashning umumiy qoidalari ham belgilanmoqda.
Loyiha sun’iy intellekt yordamida yaratilgan axborot resurslarini majburiy markirovkalashni nazarda tutadi. Shuningdek, bunday resurslar va tizimlar inson huquqlari, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilyapti.
Insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanish mumkin emasligi qo‘shimcha ravishda mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
"Qonun loyihasining qabul qilinishi sun’iy intellektdan foydalanishni yanada rivojlantirish, turli sohalarga joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish, uni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, sun’iy intellektdan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va tarqatishning oldini olishga xizmat qiladi," - deya ta’kidladi deputatlar.