Koronavirusdan kasallangan bemorlarning rasmiy statistikasi yashirib ko‘rsatilayotganligi, bu masalada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori avval bergan, so‘ng rad qilib chiqqan ma’lumotlari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining bu borada bildirgan munosabatidan so‘ng «Tez News» muxbiri SSVning Respublika Patologoanatomiya ilmiy-amaliy markazi direktori, professor Rajabboy Isroilovdan shu mavzuda intervyu olishga qaror qildi.
«Avvalo, shuni ta’kidlashni istardimki, har qanday davlat amaldori yoki xodimi ommaga bunday ma’lumotlarni taqdim etishdan oldin, albatta, shu soha mutaxassisidan maslahat so‘rashi kerak. Nega desangiz, bunday haqiqatdan yiroq ma’lumotlar bilan bayonot bildirish tibbiyot xodimlariga nisbatan ishonchsizlikni yuzaga keltiradi. Bu masalada vazirlikning 143 nafar deya bergan ma’lumoti to‘g‘ri hisoblanadi. Bugunga kelib 3 ming nafar atrofida bemor ushbu virusdan davolanmoqda. Shundan 1155 nafari Samarqand viloyatida bo‘lishi mumkin emas-ku?! Toshkent shahrida 1000 nafardan ziyod bemor koronavirusdan davolanyapti, viloyatlarda esa bu ko‘rsatkich 140—150 kishini tashkil qiladi. Men bu ma’lumotlarni asossiz deb hisoblayman», — deydi Rajabboy Isroilov.
Professor Rajabboy Isroilovning so‘zlariga ko‘ra, Akmal Burxonov aslida bunday ma’lumotlar koronavirusga tashxis qo‘yadigan laboratoriya xodimlari yoki marhumning murdasi yorilib, mikroskopda ko‘zdan kechirilib, haqiqiy virus ekanligi tasdiqlanganidan keyingina shu kabi bayonotni berishi o‘rinli.
«Butun dunyoda pandemiya holati ketayotgan davrda kasalliklar ko‘pligi va undan davolanayotganlarning soni korrupsiyaga hech qanday aloqasi bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Korrupsiya agentligi o‘z ishini bilib, shug‘ullanishi maqsadga muvofiq. Aslida xalqqa biror bir ma’lumotni yetkazishda aniq, ishonchli ma’lumotlarga asoslanish kerak, zero har bir gapning ortida javobgarlik turibdi. Ular mutaxassislar bilan maslahatlashmasdan, o‘z ma’lumotlari asosida osongina 1155 nafar deb yuboryapti. Men soha mutaxassisi sifatida aytamanki, bunday bo‘lishi mumkin emas!» — qo‘shimcha qildi professor.
Shuningdek, suhbat davomida Patalogik-anatomik ilmiy-amaliy markazi direktori Rajabboy Isroilov suhbat chog‘ida Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus yoki boshqa kasallikka oid ma’lumotlarni yashirishga haqqi yo‘qligini, bu Davlat statistika bo‘limi tomonidan nazorat qilinishini alohida ta’kidladi.
«Ular kunlik ma’lumotni — qaysi kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, nechta kasallik bo‘ldi, nechtasi davolandi, nechtasi natijasida o‘lim yuzaga keldi — hammasini statistika ma’lumotiga kiritib, jahon statistikasiga yo‘llaydi. Shuning uchun ham bu ma’lumotlarni yashirib bo‘lmaydi va mumkin emas. Bu borada eng ishonchli ma’lumot bu — Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasidan olingan ma’lumot hisoblanadi», — deya ta’kidladi Rajabboy Isroilov.
Professorning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus diagnostikasi PSR va immunaferment usuli orqali aniqlanadi.
Koronavirus, birinchi navbatda, nafas yo‘llariga — burun va tomoq yo‘llariga tushib, o‘sha joyda joylashgan qoplovchi epiteliyga kirib, ko‘payadi va kasallikni boshlab beradi. Shuning uchun ham PSR analizlari uchun burun va tomoqnining chuqur joyidan tahlil olib tekshirilmoqda.
«Bu virus boshlang‘ich davrida burunni kasallantirsa, keyin undan ko‘payib, nafas yo‘llaridan o‘pkaga tushishi mumkin. Lekin biz o‘pkadan tashxis ololmaymiz-ku, unaqa usulning o‘zi yo‘q. Virus o‘pkaga tushgandan keyin pnevmoniya kasalligini qo‘zg‘atyapti. Bu kasallkining hozirgi kunda ko‘payib ketishi, bir tomondan, koronavirusga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, virus ta’sirida o‘pka kasalliklarining avj olishi oqibatida pnevmoniya sabab vafot etganlar soni COVID-19 natijasida hayotdan ko‘z yumgan kishilardan ko‘payib ketdi. Shuning uchun ham o‘pka kasallanganda PSR testidan o‘tmaslik oqibatida pnevmoniyadan o‘lim soni ko‘paydi», — deydi professor.
Koronavirusdan qancha kishi kasal bo‘lishi, ulardan nechtasi vafot etishi maxsus diagnostika yordamida tasdiqlanadi.
«Yuqorida aytganimdek, PSR nomli qurilma bor, ya’ni u virusning antigenini aniqlaydi. Bundan tashqari, immunoferment tahlil ham mavjud. Mazkur usullar yordamida organizmda virus bor yo yo‘qligi tasdiqlaganidan keyin ‘koronavirus mavjud’ degan tashxis qo‘yiladi va hisobotga olinadi. Ikkinchi tomondan, agar bemor laboratoriyaviy diagnostikadan o‘tmagan bo‘lsa, biz — patologoanatomlar tomonidan virus tasdiqlanganidan keyin hisobotga qo‘shiladi», — deya ta’kidlaydi professor.
Rajabboy Isroilov nafaqat koronavirus, balki har qanday kasallikdan vafot etganlarning soni hech qachon yashirilmasligi, agar o‘tgan bemor patologoanatal tekshiruvdan o‘tmagan bo‘lsa, uni davolagan shifokorlar o‘lim sababini ma’lumotnomaga kiritib, uning yaqinlariga berishi shartligini ma’lum qilgan.
«Agar marhumlarning murdasi patologoanatal tekshiruvdan o‘tgan bo‘lsa, ular ham haqiqiy o‘lim sababini ko‘rsatib, qarindosh-urug‘lariga beradi. Bu tartib butun dunyoda qo‘llaniladi. Hozirgi kunda 487 nafar koronavirus natijasida vafot etgani aytilgan bemorlar PSR laboratoriyasida aniq COVID-19 tashxisi qo‘yilganlar hisoblanadi. Shuningdek, koronavirus tahlili manfiy bo‘lib, lekin boshqa kasallik natijasida hayotdan ko‘z yumganlar ham bor, albatta. Ularning ichida ham virusdan vafot etganlar bo‘lishi mumkin, chunki biz o‘pkadan analiz ololmadik, tashxis qo‘yolmadik, lekin koronavirusdan o‘ldimi, pnevmoniyadanmi aniqlik kiritilmadi, shunday ekan, statistikaga ham qo‘shilmadi. Buni yashirib o‘tirish shart emas. Umumiy kasallarning hozirgi soni faqatgina PSR bilan tasdiqlangan kasallardir», — deydi professor.
Shuningdek, professor O‘zbekiston aholisi orasida koronavirus natijasidagi o‘lim ko‘rsatkichlarining dunyodagi vaziyatga nisbatan kamligini ham ta’kidlab o‘tdi.
«O‘zbekiston aholisi orasida koronavirus natijasidagi o‘lim ko‘rsatkichlarining dunyodagi vaziyatga nisbatan kamligi — O‘zbekiston Prezidenti tomonidan vaziyatning shaxsan nazorat ostiga olinganligi, qolaversa, sog‘liqni saqlash tizimi, jumladan, shifokorlarimizning jonkuyarligi va o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishining natijasi, deb hisoblayman.
Shu o‘rinda, pandemiya sharoitida vaziyatni yaxshilash uchun Hukumat darajasida juda katta yordam ko‘rsatilayotganini alohida ta’kidlash lozim, jumladan, pandemiya davrida O‘zbekistonga ko‘plab tibbiy uskunalar olib kelindi. Mana, yaqinda Hukumatning qo‘llab-quvvatlashi bilan yana bir nihoyatda noyob JEM-2100 Plus tibbiy qurilmasi O‘zbekistonga Yaponiyadan keltirilishi kutilmoqda. Mazkur qurilma O‘zbekistoning patologoanatomiya ilmi hamda bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishiga ishonchim komil», — deya suhbatni yakunladi professor.