Bu haqda 22 may kuni Namanganda bo‘lib o‘tgan Rossiya va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari konferensiyasi doirasida kelishib olindi.
Rossiya Ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Rossiya Kimyo-texnologiya universiteti Toshkent filiali orasida O‘zbekistonda “Mendeleev maktablari” tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi.
“Mendeleev maktablari” ochiladigan hududlarni O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi belgilaydi. Birinchi bosqichda “Mendeleev sinflari” Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktablarda ochiladi.
“U yerda maktab o‘quvchilari maktab dasturidan tashqari kimyo, fizika va matematika fanlarini o‘rganadilar", - dedi Rossiya Federasiyasi Ta’lim vazirligi Xalqaro hamkorlik markazining Rus tili markazi rahbari Irina Ponomareva.
“Mendeleev maktablari”ni kadrlar bilan ta’minlash bilan "Chet eldagi rus o‘qituvchisi" loyihasi shug‘ullanadi.