Shavkat Mirziyoyev kibersport o‘yinlarini rivojlantirishga oid qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2023 yildan boshlab an’anaviy tarzda kibersport turlari bo‘yicha:
— har yili aprel oyida “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati;
— har yili dekabr oyida “Vazirlar Mahkamasi kubogi” turniri;
— har yili iyun oyida “Yoshlar kubogi” turniri o‘tkaziladi.
Bunda ushbu musobaqalar uch bosqichda o‘tkaziladi hamda tuman (shahar) va viloyat bosqichlari onlayn bo‘ladi.
➖ Kibersport bo‘yicha musobaqalarda g‘olib hamda sovrindor bo‘lgan kibersportchilarga biryo‘la beriladigan pul mukofotlari va sovg‘alar soliqqa tortilmaydi.
➖ O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab «Sport faoliyati: kibersport» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi hamda o‘qish muddati 3 yil bo‘ladi.
➖ “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan kibersportchilar 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.
➖ Kibersport faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
➖ 2023 yil 1 yanvardan boshlab kibersport klublariga ularning bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarini qoplash uchun hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan har oyda 3 oy davomida 15 million so‘mgacha pul mablag‘lari ajratiladi. Ajratilayotgan mablag‘larni kibersport klublariga alohida shartlar (kibersportchilarni tayyorlash, trener jalb qilish, musobaqalarda ishtirok etish va boshqalar) asosida beriladi.