O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Jahon banki ishtirokida "Energetika islohotlari uchun innovasion uglerod resurslarini qo‘llash" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, 2030 yilgacha "yashil" iqtisodiyotga o‘tish va "yashil" o‘sishni ta’minlash dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, milliy iqtisodiyot, xususan, sanoatning kam uglerodli rivojlanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasida "Energetika islohotlari uchun innovasion uglerod resurslarini qo‘llash" (iCRAFT) loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu maqsadda Jahon banki 46,25 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadi.
Loyiha 2023-2028 yillar davomida respublika miqyosida amalga oshiriladi.
Buning uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan "Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi" loyiha ofisi Jahon banki tomonidan qo‘shimcha texnik ko‘mak sifatida ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 7 ta shtat birligiga kengaytiriladi va loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.
"Yashil" iqtisodiyot onlayn platformasi tashkil etilib, ushbu platforma doirasida issiqxona gazlari reestri yaratiladi. Monitoring, hisobot va tekshirish (MRV) tizimi bo‘yicha yig‘iladigan ma’lumotlar bazasi ishlab chiqiladi.
Qarorga ko‘ra 2024 yil 1 iyulga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda iqtisodiy faoliyat turlarini ekologik jihatdan tasniflash imkoniyatini beruvchi "yashil" taksonomiya tizimi joriy etiladi.