Bugun 23 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekistonda bo‘lajak parlament va mahalliy saylovlar: kim nima va’da bermoqda?

A A A
O‘zbekistonda bo‘lajak parlament va mahalliy saylovlar: kim nima va’da bermoqda?

2024 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston siyosiy hayotida muhim hodisa yuz berishi kutilmoqda - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga saylovlar rejalashtirilmoqda. Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlar avvalgilaridan farqli ravishda aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) shaklida o‘tkaziladi. Saylovchilar muayyan nomzodlarga e’tibor qaratgan avvalgi majoritar tizimdan farqli o‘laroq, yangi formatda fuqarolar nafaqat bir mandatli okruglar bo‘yicha nomzodlarga, balki mutanosib tizim bo‘yicha siyosiy partiyalar uchun ham ovoz berishadi.

27 oktyabrdagi saylovlarda jami 4.8 mln a’zosiga ega quyidagi beshta siyosiy partiyaning ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, markaz va o‘ng markaz deb e’tirof etiladigan O‘zLiDeP partiyasi mamlakatda hukmron partiya hisoblanadi. O‘zLiDePning asosiy maqsadi iqtisodiyotni liberallashtirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish hamda tadbirkorlar va ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Konservatizm mafkurasidagi o‘ng partiya hisoblangan O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi mamlakatda ikkinchi obro‘li partiya hisoblanadi hamda milliy qadriyatlarni saqlab qolish, davlat manfaatlarini himoya qilish, makroiqtisodiyotni rivojlantirish va ta’lim-tarbiyani kuchaytirishni o‘zining asosiy maqsadi deb hisoblaydi. «Adolat» sosial demokratik partiyasi hamda Xalq demokratik partiyalari so‘l partiyalar hisoblanib, asosan ijtimoiy tenglik va adolat, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda aholining zaif qatlamlari himoyasi singari sosial demokratiya mafkurasini ilgari surishadi. Shu bilan birga, mamlakatda yashil partiya «O‘zbekiston ekologik partiyasi» ham mavjud bo‘lib, eng yosh partiya hisoblanadi va atrof tabiiy muhitni asrash, eko ta’lim va eko madaniyatni shakllantirishni o‘zlarining asosiy maqsadi deb biladi.

Qayd etish joizki, saylovlar siyosiy partiyalarning kuchi va davlatdagi pozisiyalariga sezilarli ta’sir o‘tkazadi. O‘tgan besh yilda deyarli siyosiy raqobatni his qilmagan O‘zbekiston xalqi hamda mamlakat prezidentining e’tirozlaridan kelib chiqib, bu galgi saylovlarda siyosiy partiyalar parlament va mahalliy kengashlardan ko‘proq o‘rin olish hamda o‘z obro‘larini tiklash maqsadida balandparvoz tashabbuslar bilan ishtirok etishni maqsad qilgan.

Shu bilan birga, mamlakatning yangilangan Konstitusiyasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinishi, shubhasiz ijtimoiy rivojlanish masalasini siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlaridagi eng ustuvor yo‘nalish sifatida oldinga olib chiqadi. Yaqinlashib kelayotgan saylovlarda beshta partiya ham o‘z ustav va qadriyatlardan kelib chiqib quyidagi dasturlarni taqdim qilmoqdalar.

O‘zLiDeP partiyasi ijtimoiy yo‘nalish, xususan tibbiyot sohasiga investisiyalar kiritish, sog‘liqni saqlash uchun budjet ko‘lamini oshirish, tibbiy xizmatlar uchun kreditlar tizimini joriy etish orqali fuqarolar uchun yanada qulay va moliyaviy barqaror sog‘liqni saqlash tizimini yaratish mumkin deb o‘ylaydi. Ta’lim yo‘nalishida esa tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi maktabgacha ta’lim bilan keng qamrab olish, o‘qituvchilar maoshini sezilarli darajada oshirish va imtiyozli kreditlar orqali xususiy maktablar sonini ikki baravarga oshirishga e’tibor qaratmoqda. Ijtimoiy himoya yo‘nalishida partiya fuqarolarga qulay uy-joy bilan ta’minlash, nogironlikni aniqlash jarayonlarini soddalashtirish va yoshlarga savdo va zamonaviy kasblarni o‘rgatishni taklif qilmoqda. Shuningdek, Partiya yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikro-moliya xizmatlarini kengaytirishni va ayollarning masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishni maqsad qilgan.

«Milliy tiklanish» DP esa sog‘liqni saqlash borasida tibbiy sug‘urta tizimini takomillashtirish va millat genofondini asrash kabi tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Shu bilan birga, partiya ta’limni o‘zsaylov oldi dasturining markaziga qo‘yib, o‘qituvchilarni tayyorlash, o‘quvchilarni baholash va o‘quv dasturlariga madaniy elementlar, jumladan, xalq o‘yinlarini kiritishni, shuningdek, «elektron maktab» tizimini tubdan isloh qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ijtimoiy himoya masalalarida partiya erta nikohlarning oldini olish, mehnat jamoalarida erkaklar va ayollarning tengligini ta’minlash, ayollarni ko‘proq oilada bo‘lishi uchun moslashuvchan ish soatlarini joriy qilishni taklif etmoqda.

So‘l partiyalar, xususan «Adolat» sosial-demokratik partiyasi va Xalq demokratik partiyasi platformalari esa sog‘liqni saqlashda tenglikni ta’minlash, barcha fuqarolarning, xususan, zaif aholining arzon va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatini ta’minlash uchun davlat tomonidan tartibga solishga katta e’tibor qaratmoqda. Ta’lim yo‘nalishida esa «Adolat» SDP ayollarning ilm-fan bilan shug‘ullanishlarini qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalarida harbiy kafedralarni tashkil etish, har bir mahallada bolalar uchun sport maydonchalari yaratish va mintaqalarda yoshlar texnoparklarini tashkil etish singari g‘oyalarni ilgari sursa, Xalq Demokratik Partiyasi o‘quvchilarga jamoat transportida imtiyozlar taqdim etish, nogironligi bo‘lgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash va oliy ta’lim muassasalarida yotoqxona talablarini kuchaytirish hamda sinflardagi o‘quvchilar sonini qisqartirish orqali ta’lim sifatini yaxshilashga ishonmoqdalar. Ijtimoiy himoya ikki partiya saylov oldi dasturlarining markazidan o‘rin olgan bo‘lib, bu borada «Adolat» SDP subsidiyalangan uy-joylarni sotadigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ob’ektlarni saqlab qolish, yollanma ishchilar va mehnat muhojirlarining huquqlarini mustahkamlash, shuningdek, sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash singari tashabbuslarni ilgari surmoqdalar.Xalq demokratik partiyasi esa nogironlar uchun qulay inshootlar va xizmatlar uchun milliy standartlarni ishlab chiqish, doimiy parvarishga muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish va pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini to‘liq qondirishi kerakligini ta’minlashni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, ular pensiya yoshini oshirmasdan, hozirgi pensiya tizimini saqlab qolishni va qurilish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni maqsad qilgan.

Yashil partiya esa o‘ziga xos ravishda, bo‘lajak saylovlarda tabiatni asrash orqali xalq salomatligini ta’minlash, ta’lim yo‘nalishida esa ekologik ta’limni maktab va maktabgacha ta’lim dasturlariga kiritish, ekologik xabardorlikni oshirish hamda magistratura darajasida ekologik jurnalistika va tashqi ekologik faoliyat bo‘yicha mutaxassisliklarni rivojlantirishni taklif qilmoqda. Ijtimoiy himoya sohasida eng yosh partiya yo‘l infratuzilmasi uchun ajratilgan mablag‘ning bir qismini piyodalar yo‘laklarini tashkil qilishga yo‘naltirish, shaharlararo velosiped yo‘llari uchun infratuzilma yaratish, jamoat transportidan doimiy foydalanadigan shaxslar uchun narxlarni arzonlashtirish, kanalizasiya tozalash inshootlari bo‘lmagan korxonalarni faoliyatini to‘xtatishni taklif qilmoqda.

2024 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda siyosiy partiyalar bir maqsad mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun turli xil yondashuvlarni taklif qilmoqdalar. O‘zLiDeP ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishni bozor munosabatlariga yo‘naltirilgan yechimlar orqali davom ettirishga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, «Milliy tiklanish» DP ushbu sohalarni madaniy va ma’rifiy qadriyatlarga asoslanib amalga oshirishni maqsad qilmoqda. So‘l partiyalar, jumladan «Adolat» SDP farovonlikka qonun ustuvorligini yanada ta’minlash orqali erishmoqchi bo‘lsa, Xalq demokratik partiyasi davlat aralashuvi orqali ijtimoiy himoyani kuchaytirish va tengsizlikni kamaytirishnimaqsad qilmoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi esa erkin va farovon hayotni yashil madaniyatni kuchaytirish orqali yaratish mumkinligiga ishonmoqda.

Bo‘lajak saylovlar O‘zbekiston Respublikasining demokratik jihatdan voyaga yetgani, elektorat siyosiy madaniyati oshgani hamda partiyalarning o‘z o‘rinlarini mustahkamlashlari borasida yana bir imtihon vazifasini bajaradi.

Kiritildi: 19:15 22.10.2024. O'qildi: 303 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!