O‘zbekistonning Niderlandiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov (qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan) ushbu mamlakatning Overeysel provinsiyasiga tashrif buyurdi va qirollik komissari Andris Piyeter Xeydema bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tashrif Benilyuks mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni rivojlantirish maqsadida amalga oshirildi.
Komissar O‘zbekiston delegasiyasini qutlab, mamlakat elchisini birinchi marta qabul qilish hudud uchun sharaf ekanini, chunki ilgari bunday tashriflar amalga oshirilmaganini ta’kidladi.
Uchrashuvda Niderlandiya tomoniga O‘zbekistonda aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, investisiyaviy va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston hududlari va Overeysel o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, biznes missiyalarini tashkil etish orqali mamlakatda investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladilar.
Komissar Andris Piyeter Xeydema o‘zbekistonlik sheriklar va Overeysel provinsiyasidagi xususiy biznes tuzilmalari, ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berishga tayyorligini tasdiqladi.