Transport vazirligi O‘zbekiston va Afg‘oniston Hayraton—Mozori Sharif temiryo‘lidan foydalanish bo‘yicha shartnomani uzaytirganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining doimiy ravishda qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosatining samarasi o‘laroq, 2025 yil 21—23 yanvar kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston jamoat ishlar vazirining temiryo‘l masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Sohibzoda boshchiligidagi delegasiya bilan samarali uchrashuvlar tashkil etildi.
Ilhom Mahkamov boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda afg‘on tomoni bilan transafg‘on temiryo‘l qurilish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi va tomonlar kelgusi ishlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Shu bilan birga, ikki davlat temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida faol hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Hayraton—Mozori Sharif temiryo‘lidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani uzaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Sogdiana trans” MCHJ Hayraton—Mozori Sharif temiryo‘liga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.