Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston — Turkmaniston: Asrlar sinovidan o‘tgan do‘stlik

O‘zbekiston — Turkmaniston: Asrlar sinovidan o‘tgan do‘stlik

O‘zbekiston umumtarixiy ildizlar, yagona din, til, madaniyat, an’ana va urf-odatlar o‘xshashligiga asoslangan munosabat ila bog‘langan Turkmaniston bilan hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratadi.

Asrlar mobaynida tinch, o‘zaro kelishib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab yashab kelayotgan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabat keyingi yillarda yanada mustahkamlandi. Bugun ishonch bilan aytish mumkinki, davlatlarimiz o‘rtasidagi keng qirrali sheriklik teran, ko‘p asrlik qalin do‘stlik, o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnilik tamoyili asosida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

O‘zbekiston — Turkmaniston hamkorligi o‘sish sur’atini tasavvur qilish uchun atigi bir necha ma’lumotni keltirish kifoya. Masalan, 2016 yildan buyon davlat rahbarlarining o‘zaro 13 tashrifi amalga oshirildi. Faqat 2022 yilning o‘zida O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari 6 marta telefon orqali suhbatlashdi. Ayni payt bir jihatni alohida ta’kidlash juda muhim: bu bog‘lanishlar shunchaki rasmiyatchilik yuzasidan, protokol xususiyatiga ega emas. Barcha tashrif, uchrashuv va so‘zlashuvlar doim aniq, amaliy mazmun bilan boyitilgan, kun tartibidagi ikki va ko‘p tomonlama eng dolzarb masalalar muhokama etilgan.

Bugungi kunda izchil, o‘zaro manfaatli xususiyat kasb etgan, yuqori o‘sish sur’atini olgan ikki qardosh mamlakat munosabatining joriy holatiga O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga 2017 yil mart oyiida amalga oshirgan ilk xorijiy tashrifi puxta poydevor qo‘ygan edi.

Ochiq, o‘zaro ishonch singdirilgan muloqot o‘rnatilishi, shuningdek, ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik barcha yo‘nalishlardagi munosabatni yanada kengaytirish uchun asos yaratdi.

Oliy darajadagi muloqotlarning eng muhim natijalaridan biri tomonlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha mavjud ulkan salohiyatini bosqichma-bosqich yuzaga chiqarish imkonini yaratgan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘ldi. Ikki tomonlama sheriklikni kelgusida yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish, tabiiyki, mintaqada tinchlik, barqarorlik va umumiy farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Toshkent — Ashxobod tashqi siyosat maydonida ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, MDH, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ), IHT va boshqa qator tuzilmalar doirasida birgalikda izchil ish olib borib, faol muloqotni davom ettirmoqda.

Tomonlarning O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorligi alohida o‘rin tutadi. Darvoqe, ushbu formatdagi so‘nggi sammit 2021 yil avgustda Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Muhimi, aynan o‘sha tadbirda Turkmaniston rahbari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining ilk yig‘ilishi, Iqtisodiy forum, mahsulotlar ko‘rgazmasi, milliy taomlar festivali va mintaqa davlatlari san’at ustalarining birgalikdagi konserti o‘tkazilgan.

Mamlakatlarimiz munosabatida savdo-iqtisodiy hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining oqilona siyosati, sa’y-harakatlari tufayli sheriklikning mazkur yo‘nalishiga avvallari misli ko‘rilmagan sur’at bag‘ishlandi.

Ikki davlat yetakchilari tomonidan savdo hajmini oshirib borish bo‘yicha belgilangan aniq vazifalar ijrosi o‘z samarasini bermoqda. 2016 yil o‘zaro savdo-sotiq ko‘rsatkichi 200 million dollardan sal ziyodroq edi. 2021 yil yakunida esa bu raqam 902 million dollarni tashkil etdi. Qayd etish joiz, mahsulot ayirboshlash avvallari hech qachon bunday darajaga ko‘tarilmagan.

Turkmaniston mamlakatimizning mintaqadagi asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi texnikasi, meva-sabzavot, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlari, turli xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan esa yurtimizga neft mahsulotlari, mexanika jihozlari, polimerlar va boshqa kimyo mollari importi yo‘lga qo‘yilgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda birgalikdagi sanoat kooperasiyasi loyihalari, shuningdek, davlatlarimiz hududida turli xo‘jalik sohalari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan qo‘shma korxonalarning salmoqli ulushi bor. Masalan, oxirgi yillarda O‘zbekistonda Turkmaniston ishtirokidagi korxonalar soni 15 karra oshib, 11 tadan 160 taga yetdi. Turkmaniston hududida esa “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ singari O‘zbekistonga tegishli 61 kompaniya ish olib bormoqda. Chegara oldi hududlarida savdo-sotiq, shuningdek, mintaqalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar jadal rivojlanmoqda, mintaqalararo forumlar muntazam o‘tkazilmoqda. Jumladan, 2018 yil avgustda Xorazm va Buxoro viloyatlari hokimlari boshchiligidagi delegasiyalar Dashoguz va Lebapda bo‘ldi, 2021 yil sentyabrda esa Dashoguz va Lebap viloyatlari vakillarining Xorazm va Buxoroga tashrifi uyushtirildi. Shu hafta O‘zbekiston — Turkmaniston birinchi mintaqalararo forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga O‘zbekiston va Turkmaniston Savdo-sanoat palatalari munosib hissa qo‘shmoqda. Ushbu tuzilmalar hamkorlikda muntazam ravishda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarini tashkil etib, kichik va o‘rta biznes vakillarini birgalikda loyihalarni amalga oshirishga, jumladan, biznes-forumlar, kooperasiya birjalari, ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazishga jalb etmoqda.

Ikki tomonlama munosabatda transport sohasi ham ustuvor ahamiyatga ega. Turkmaniston yil sayin Markaziy Osiyoning asosiy tranzit davlatiga aylanmoqda. O‘zbekistonning juda katta hajmdagi mahsulotlarini Eron chegarasi va keyin Fors ko‘rfazi portlariga yetkazish mazkur mamlakat hududi orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari tomonlar “O‘zbekiston — Turkmaniston — Kaspiy dengizi — Janubiy Kavkaz” transport yo‘nalishi salohiyatidan bor imkoniyat darajasida foydalanish bo‘yicha birgalikda ishlayapti. Bu yo‘lak Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa davlatlarning Qora dengizdagi portlariga chiqishini ta’minlaydi. Ikki mamlakat avtomobil va temir yo‘llari orqali yuk tashish miqdori bosqichma-bosqich oshirilyapti. Jumladan, 2021 yil O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida temir yo‘l transporti orqali 1,7 million, avtomobilda esa 0,3 million, jami ikki million tonna xalqaro yuk tashilgan. Bu 2020 yil bilan solishtirilganda 18 foiz ko‘p. Shu bilan birga, raqobatbardoshlikni va davlatlarimiz hududidan o‘tadigan xalqaro transport yo‘nalishlari jozibadorligini yanada oshirish maqsadida hozirgi paytda tariflarni optimallashtirish va tashqi savdo yuklarini tashish tranziti uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti.

O‘zbekiston va Turkmaniston yonilg‘i-energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni tobora mustahkamlamoqda. Har ikki davlat “Turkmaniston — O‘zbekiston — Tojikiston — Afg‘oniston — Pokiston” elektr ta’minoti tarmog‘i, “Turkmaniston — O‘zbekiston — Qozog‘iston — Xitoy” gaz o‘tkazgichi kabi mintaqaviy muvozanatni va barqaror rivojlanishni ta’minlashning hal qiluvchi omillari sifatida ko‘rilayotgan yirik mintaqaviy energetika loyihalari bo‘yicha sheriklar hisoblanadi.

Madaniy-gumanitar sheriklik ham jadal rivojlanmoqda. Bugun ikki qadrdon yurt san’ati, adabiyotiga o‘zaro qiziqish beqiyos. Har ikki mamlakat fan, ta’lim va madaniyat arboblari yaqin hamkorlik qilib, O‘zbekiston va Turkmaniston hududida tashkil etilayotgan barcha tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

O‘zbeklar va turkmanlar mislsiz boy madaniy va ilmiy merosni, an’analarni asrab-avaylab kelayotgan ellar sanaladi. Buyuk adib va mutafakkirlar Alisher Navoiy va Mahtumquli ijodi xalqlarimizning umumiy qadriyatidir. Ikki xalqning mustahkam do‘stligi, hamjihatligi va madaniy yaqinligi ramzi sifatida Toshkent shahrida betakror turkman shoiri, faylasufi va mumtoz adabiyot namoyandasi Mahtumquli nomidagi farovon ko‘cha boshida uning timsoli tushirilgan barelyef qad ko‘tardi, “Ashxobod” bog‘i ochildi, O‘zbek–Turkman do‘stlik uyi muassasasi va Xorazm viloyatida “Ulli hovli” majmuasi ishga tushirildi. O‘z navbatida Turkmaniston poytaxtida Mahtumquli ko‘chasi bilan kesishadigan Alisher Navoiy ko‘chasi ochildi, Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘i barpo etilyapti.

O‘zbekistonda yashayotgan turkmanlar o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Bu jarayonda ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shadigan xalq diplomatiyasiga muhim o‘rin ajratilgan. Respublikamiz hududlarida turkman xalqining madaniyati va an’analarini asrab-avaylash, targ‘ib etish maqsadida turkman millatiga mansub aholi zich yashaydigan mo‘’jaz hududlarda sherik tashkilotlar bilan birgalikda madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilmoqda. Jumladan, turkman yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Turkman tili o‘qitiladigan maktablarda esa muntazam ravishda adabiy kechalar, uchrashuvlar va ikki qardosh xalq madaniyatiga oid ochiq darslar tashkil etilmoqda.

Diyorimizda faoliyati Respublika turkman madaniy markazi tomonidan muvofiqlashtiriladigan 6 ta turkman madaniy markazi mavjud.

Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi fakulteti bor. 2017 yili Nukus shahridagi Ajiniyoz nomli pedagogika institutida turkman tilini o‘qitadigan pedagoglar tayyorlash fakulteti ochildi. Bugungi kunda Urganch, Qoraqalpoq, Buxoro va Qarshi davlat universitetlarida, Buxoro davlat tibbiyot institutida, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida Turkmanistondan kelgan talabalar tahsil olyapti.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida konsertlar uyushtirish, O‘zbekiston va Turkmaniston tomonidan tashkil etilgan xalqaro ijodiy festivallar, sport tadbirlarida birgalikda qatnashish yaxshi an’anaga aylandi. Masalan, 2021 yil oktyabrida “Ipak yo‘li marvaridi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Turkman kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Mamlakatimizda Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmanlarning ma’naviy dunyosi” kitobi o‘zbek tilida nashr etilishi O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida juda yaqin do‘stona aloqa, davlatlararo samarali muloqot o‘rnatilganini yana bir bor yaqqol namoyon qildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston munosabati rivojlanishi bilan bog‘liq yuqori sur’at mamlakatlarimizning konstruktiv siyosiy muloqotini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston — Turkmaniston hamkorligi xususiyati va tomonlarning strategik sheriklikni mustahkamlashga sodiqligidan kelib chiqib, yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda quyidagi yo‘nalishlar ustuvorlik kasb etishi mumkinligini qayd etish joiz:

Birinchidan, mahsulot ayirboshlashni o‘stirish va sanoat kooperasiyasini rivojlantirish. Shubhasiz, har ikki davlat o‘zaro savdo hajmini oshirish va diversifikasiya qilishdan juda manfaatdor. Zero, mamlakatlarimiz bu borada foydalanilmagan ulkan imkoniyatga ega. Bu jarayonga tashrif arafasida imzolangan salmoqli savdo shartnomalari, kelishuvlar to‘plami ijrosini to‘laqonli ta’minlash, sanoat kooperasiyasi loyihalarini amalga oshirish orqali erishish mumkin.

Agrosanoat majmuasi, avtomobilsozlik va yengil sanoat, transport va aloqa korxonalari o‘rtasida ishlab chiqarish kooperasiyasini kengaytirish, shuningdek, ikki davlat kompaniyalarini O‘zbekiston va Turkmaniston hududlarida yirik infratizim loyihalarini amalga oshirishga jalb etishga iqtisodiy hamkorlikning yana bir muhim drayveri sifatida qaralyapti.

O‘tgan yili imzolangan O‘zbek–Turkman chegara oldi zonasi – Savdo markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imkon darajasida tezroq hayotga tatbiq etish ham o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperasiyasini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ikkinchidan, mintaqada transport-logistika yo‘nalishlarini diversifikasiya qilish. Har ikki mamlakat O‘zbekiston va Turkmanistonning tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, mamlakatlararo va hududlararo savdo ko‘lamini kengaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan transport sohasidagi uzviy hamkorlikni chuqurlashtirishdan birdek manfaatdor. Ikki mamlakat kommunikasiya tizimlarini integrasiyalash O‘zbekiston va Turkmaniston hududi orqali har ikki tomonga yuk tashuvlarini amalga oshirish barobarida Yaqin va O‘rta Sharq bozorlariga qisqa yo‘l orqali chiqishni ham ta’minlaydi.

Tariflarni yanada optimallashtirish va tashqi savdo yuklarini tashish tranziti uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan tizimli, o‘zaro manfaatli hamkorlik ham raqobatbardoshlikni va ikki mamlakat hududidan o‘tadigan xalqaro transport yo‘nalishlari jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, tomonlar Shimol-Janub submintaqaviy transport yo‘lagini uzaytiradigan Ashxobod kelishuvini to‘laqonli amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishdan manfaatdor. Bu yo‘nalishlarni diversifikasiya qilish va tranzit tashuvlar miqdorini bir necha karra oshirish imkonini beradi.

Uchinchidan, suv-ekologiya sohasidagi sheriklik butun Markaziy Osiyo maydonida farovonlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashning eng muhim shartlaridan biridir. Zamonaviy sharoitda O‘zbekiston va Turkmanistonning suv xo‘jaligi sohasidagi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalaridagi yaqin hamkorligi, aytish mumkinki, haqli ravishda mintaqada eng samarador va namunali xususiyat kasb etgan.

2021 yilda qabul qilingan ikki davlat Prezidentlarining Qo‘shma bayonotida ushbu sohada ochiq muloqotni davom ettirish, o‘zaro bir-birini tushunishni mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, bu borada adolatli va omilkor yechimlar topish muhimligi alohida ta’kidlangan.

Shu bilan birga qayd etish zarur, mamlakatlarimiz suv xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega. Bu jarayonda o‘tgan yili Hukumatlararo suv xo‘jaligi komissiyasini tuzish to‘g‘risida qo‘shma bitim imzolanishi muhim o‘rin tutadi.

Hozirgacha mazkur komissiya ikki marta yig‘ilish o‘tkazdi, tomonlar konstruktiv tarzda ayni yo‘nalishdagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston va Turkmanistonning butun Markaziy Osiyo uchun yagona va juda zarur bo‘lgan, mintaqa suv manbalaridan oqilona foydalanish masalalari bilan shug‘ullanishi ko‘zda tutilgan besh tomonlama maydonni qayta tuzish borasidagi qarashi va yondashuvi bir ekanini ko‘rib chiqish muhim.

2021 yil avgustda Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan OQXJ sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma kommyunikeda Prezidentlar yangi tahdidlarga o‘z vaqtida javob bera oladigan, Orolbo‘yi va Orol dengizi havzasini ekologik sog‘lomlashtirishga qaratilgan mintaqaviy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, transchegaraviy suv oqimlaridagi suvdan, suv xo‘jaligi, energetika resurslaridan kompleks foydalanish va ushbu suv manbalarini asrash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni to‘laqonli ta’minlay oladigan samarali va barqaror institusional mexanizm yaratish maqsadida OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

To‘rtinchidan, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni faollashtirish do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash omilidir. Ushbu yo‘nalishda tashkilotlar, madaniyat va san’at arboblari, tadqiqot markazlari, oliy o‘quv yurtlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, qardoshlik, hamkorlik rishtalarini asrash va yanada mustahkamlashdek tarixiy mas’uliyatni his etgan holda, har ikki tomon ona tillarimizni, madaniyat, an’ana va urf-odatlarimizni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, mumtoz adabiyot namoyondalari va zamonaviy mualliflar asarlarining o‘zaro tarjimasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor.

O‘zbekiston va Turkmaniston madaniyati, kino kunlarini muntazam o‘tkazish, shuningdek, ilmiy muassasalar, badiiy, teatr jamoalari o‘rtasida faol aloqa o‘rnatish madaniy almashinuvni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, tomonlar ikki mamlakat yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, o‘g‘il-qizlarning huquqini himoya qilish, qobiliyatini, jamiyat manfaati yo‘lidagi intilishini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan qo‘shma tadbirlar uyushtirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor.

Beshinchidan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga, ushbu mamlakatni farovon yurtga aylantirishga afg‘on xalqining o‘z davlatini siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tanlagan yo‘lini hurmat qilgan holda ko‘maklashish.

Bu jarayonda tomonlar mazkur mamlakat bilan savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika aloqalarini saqlab qolish, infratizim loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Afg‘oniston xalqiga BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli doirasida har tomonlama xalqaro gumanitar ko‘mak berish zarurligi borasida umumiy tushunchaga ega.

Davlatlarimiz tomonidan Afg‘onistondagi ahvolni me’yoriga keltirish uchun ham siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlar olib borilyapti, iqtisodiy choralar ko‘rilyapti. Jumladan, umummintaqaviy ahamiyatga molik transport loyihalari amalga oshirilyapti va ushbu davlat aholisi elektr energiyasi bilan ta’minlanyapti.

“Hayraton — Mozori-Sharif” temir yo‘li, “Akina — Andxoy” temir yo‘l shoxobchasi, shuningdek, “Surxon — Puli-Xumri”, “Kerki — Imomnazar — Andxoy”, “Serxetobod — Hirot”, “Rabotkashan — Qalaynov” va “Kerki — Shibirg‘on” elektr uzatish tarmoqlari loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bu boradagi sa’y-harakatlarning yaqqol amaliy natijasidir. Mazkur o‘ta muhim loyihalar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Umuman, O‘zbekiston — Turkmaniston munosabati xususiyatlari mintaqaviy savdoni rivojlantirish, tranzit-transport va energetika sohasidagi salohiyatni yuzaga chiqarish, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash kabi yo‘nalishlarda manfaatlar yaqinlashuvi o‘sib borishida namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatlar hamkorlikning, deyarli, barcha yo‘nalishlariga dahldor ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishga juda ko‘p e’tibor qaratyapti va katta kuch sarflayapti.

O‘z xalqlari manfaati yo‘lida har ikki davlat ko‘p qirrali sheriklik va mahsuldor hamkorlikning bor imkoniyatidan foydalanish, mavjud salohiyatni to‘liq yuzaga chiqarishni ko‘zlamoqda.

Bir-birini qo‘llab-quvvatlash, tashabbuslarni birgalikda ilgari surishni izchil muvofiqlashtirish, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilarining amaliy, o‘zaro manfaatli hamkorlikni ikki tomonlama va mintaqaviy darajada mustahkamlash, mintaqada tinchlikni saqlash, xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan qat’iy intilishi, shubhasiz, butun Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish omili hisoblanadi.

Anvar NOSIROV,

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori

Kiritildi: 15:23 12.07.2022. O'qildi: 3629 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!