Bugun 21 may, 2024 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston turizm salohiyatining xalqaro targ‘iboti Buyuk Britaniyada yanada jadallashtiriladi

O‘zbekiston turizm salohiyatining xalqaro targ‘iboti Buyuk Britaniyada yanada jadallashtiriladi

Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi diplomatik vakolatxonasi rahbari Ravshan Usmanov O‘zbekiston turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Buyuk Britaniya turkompaniyalari va OAV ishtirokida O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish, 2024 yilda Britaniyaning sayyohlik sohasini yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalarida yurtimiz sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqolalarni e’lon qilishni davom ettirish hamda shu yilning 8-9 iyun kunlari O‘zbekiston madaniyati va milliy taomlari festivalini o‘tkazish kabi masalalar muhokama qilindi.

Sofi Ibbotson Britaniya ommaviy axborot vositalarining mamlakatimiz turizm salohiyatini keng ommaga tanishtirishdagi muhim o‘rnidan kelib chiqib, joriy yilda tashkil etiladigan press-turlarni O‘zbekiston turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda jadallashtirish lozimligini ta’kidladi.

Muzokaralar natijasida, 2024 yilda britaniyalik taniqli shaxslar, jumladan, "Travel Photographer of the Year" jurnali asoschisi Kris Kou, Britaniya imperiyasi ordeni sohibasi Jaonna Lamlinining mamlakatimizga safarini tashkil etish va sentyabr oyida Britaniya muzeyida O‘zbekiston eksponatlari namoyish etiladigan "Ipak yo‘li" ko‘rgazmasini keng targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Sofi Ibbotson 2019 yil aprel oyida O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi sifatida tayinlangan. U bilan hamkorlikda "The Telegraph", "Financial Times", "Times", "Wanderlust", "The Guardian" kabi yetakchi nashrlarda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan turkum maqolalar chop etilgan.

Kiritildi: 15:01 17.04.2024. O'qildi: 556 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!