Chegara bilmas muxbirlar xalqaro nodavlat tashkiloti (Reporters sans fronti res, RSF sayti O‘zbekistonda bloklangan) har yillik matbuot erkinligi reytingini e’lon qildi.
Gazeta.uz xabariga ko‘ra, O‘zbekiston bu reytingda 160-o‘rinni egallab, matbuot erkinligining eng yomon pozisiyasiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini tark etgan. O‘tgan yili O‘zbekiston ro‘yxatda 165-o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, hozirgi holat RSF tomonidan yomon (bad) deb baholanmoqda.
Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hali ham mavjud, hukumat esa ommaviy axborot vositalari ustidan nazoratni sezilarli darajada saqlab turibdi , deyiladi tashkilot hisobotida.
Qozog‘iston reytingda 158-o‘rinni, Tojikiston esa 161-o‘rinni egallagan. Turkmaniston 180-o‘rinda reytingga yakun yasaydi. Qirg‘iziston matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat muammoli (problematic) deb baholangan yagona Markaziy Osiyo mamlakatiga aylanib, 83-o‘rinni egallagan.
Rossiya (148-o‘rin), Belarus (153), Ukraina (102), Moldova (91), Armaniston (61) va Gruziya (60) sobiq SSSR mamlakatlari ichida O‘zbekistonga nisbatan yuqorida joylashgan. Boltiqbo‘yi mamlakatlarida vaziyat ancha yaxshi: Litva 30, Latviya 24, Estoniya 11-o‘rin.
Birinchi o‘rni Norvegiya, Finlyandiya ikkinchi, Shvesiya uchinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘ntalikka Gollandiya, Daniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Yamayka, Belgiya va Kosta-Rika kirgan.