Tashrifning markaziy voqeasi Prezident Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan muzokaralar bo‘ldi. Yetakchilar ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga bo‘lgan qat’iy intilishlarini tasdiqladilar.
Milliy Assambleya Spikeri Cho Chon Shik va Bosh vazir Xan Son Suk bilan uchrashuvlarda parlamentlararo aloqalarni, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, texnologik va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari belgilab olindi.
Tashrif dasturida O‘zbekiston–Koreya biznes forumi, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish hamda davlatimiz rahbarining Janubiy Koreya biznesi gigantlari va eng yirik moliya institutlari rahbarlari bilan o‘tkazgan qator amaliy uchrashuvlari muhim o‘rin egalladi.
Jumladan, Koreya Eksimbanki, Lotte, Hyundai, KIA, Rotem, Shinhan, KIND, KIGAM, KIRAM va Inchxon xalqaro aeroporti korporasiyasi rahbarlari bilan muzokaralar O‘zbekistonda yirik investisiyaviy va yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochdi.
Tashrifning eng muhim iqtisodiy natijasi — misli ko‘rilmagan hujjatlar to‘plami: biznes-forum yakuni bo‘yicha 12 milliard dollarlik investisiyaviy va savdo-iqtisodiy bitimlar, shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik sheriklik dasturi qabul qilindi.
Ushbu kelishuvlar ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, sanoat kooperasiyasini rivojlantirish va to‘liq yuqori texnologik ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Ularning amalga oshirilishi zamonaviy korxonalar va yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlari va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Bugun tashrif dasturi Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitidagi ishtiroki bilan davom etadi.
Bunday formatda ilk bor Markaziy Osiyoning besh davlati va Koreya Respublikasi yetakchilari bir maydonda jam bo‘ladi. Ushbu tarixiy voqea ko‘p yillik mintaqalararo muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, unga tizimli va uzoq muddatli tus berish hamda tinchlik, innovasiyalar va umumiy farovonlik yo‘lida yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiladi.